Karting ustalari Namanganda bahslashdi
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi zamonaviy kartadromda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashabbusi bilan karting poygasi bo‘yicha Namangan viloyati hokimi kubogi musobaqasining ilk musobaqasi o‘tkazildi.
Ochiq turdagi xalqaro miqyos kasb etgan mazkur turnirda Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri hamda Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasidan kelgan 70 ga yaqin sportchilar ishtirok etdi.

Karting ustalari «Mikro», «Mini», «Supermini», «OK-Junior», «Patriot», «KF», «KZ» sinflari hamda respublika miqyosida ilk marotaba joriy etilgan yangi «T–4 Patriot o‘smirlar» sinfi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdi.

Dastlab o‘tkazilgan «Supermini», «T–4» yoshlar va o‘smirlar sinfida Melena Kleyn, Somon Bahromzoda va Sabrina Kleyn g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, «KZ», «OK-Junior» va «T–4» kattalar sinfida Alikay Xayrullayev va Adham Egamberdiyev faxrli birinch o‘rinni egallashdi.

Qizg‘in va murosasiz raqobat ruhida kechgan musobaqada ayniqsa, sportchi-qizlarning ajoyib xatti-harakatlari tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Hakamlar hay’ati har bir sinf bo‘yicha umummiy natijalarni hisoblab chiqdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Namangan tumani o‘quv-sport turlari markazi jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda to‘raqo‘rg‘onlik sportchilar qayd etildi. Namangan viloyati texnik va amaliy turlari sport markazi jamoasi dastlabki bosqichni kuchli uchlikda tugatdi.
Tantanali taqdirlash marosimida g‘olib jamoalar hamda sportchilarga “Vatanparvar” tashkilotining diplom va medallari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA