Namanganda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari fosh etildi
Namangan viloyat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan shubha ostiga olingan shaxslardan birining xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifati va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi biror hujjati bo‘lmagan 29 turdagi 37 ming 320 quti kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qonunga xilof ravishda saqlanayotgani fosh bo‘ldi. Faqatgina shu emas, bu xonadonda 31 ming 800 dona kapsula ko‘rinishidagi “Gabapentin Kanon” dori vositasi borligi ham aniqlandi.
Viloyat bojxona boshqarmasi mas’ul xodimi Anastasiya Ataxanovaning ma’lum qilishicha, “Gabapentin” alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, uning hattoki 10 gramm miqdori ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikamiz hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etdi.
Hozir ushbu holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qilish organi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA