Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi (+video)
Rossiyada yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketishi, Erondagi urushning Hindistonning suv narxlariga ta’siri, AQSHning Tehrondagi B1 ko‘prigiga aviazarba berishi, Kubada 2000 dan ortiq mahbusning ozod qilinishi, Iroqning Suriya orqali neft eksportini boshlashi, Tojikistonda oziq-ovqat narxlari «misli ko‘rilmagan darajada» oshishi va Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlarining vaqtincha to‘xtatilishi dunyoda xavfsizlik, energetika, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda muhim voqealar sifatida qayd etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4LxuxcU0arY" title="Qirg`izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg`ulotlari to`xtatildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Rossiyada yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi
Rossiyaning Ulyanovsk viloyatida 3-aprel kuni Moskva—Chelyabinsk yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Tarkibdagi 15 ta vagondan 7 tasi izdan chiqqan, poyezdda 415 nafarga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Hodisa oqibatida qurbonlar bo‘lmagan, 22 kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafari suyak sinishi bilan shifoxonaga yotqizilgan, qolganlarida yengil tan jarohatlari aniqlangan. Tezkor xizmatlar jalb qilindi va temiryo‘l uchastkasida harakat to‘xtatildi, hodisa sabablari o‘rganilmoqda.
Erondagi urush Hindistonda suv narxini oshirishi mumkin
Erondagi urush Hindistonning 6 milliard dollarlik qadoqlangan suv sanoatiga bosim o‘tkazmoqda, ishlab chiqaruvchilar xomashyo yetishmovchiligi bilan yuzlashmoqda. Mart oyida bozor yetakchisi Bisleri suv narxini 11 foizga oshirdi, boshqa brendlar ham shu yo‘lni tutdi. Aholining muhim qismi ichimlik suvi uchun qadoqlangan mahsulotlarga tayanadi, yozda talab keskin ortadi, asosiy muammo neft narxining oshishi bilan bog‘liq bo‘lib, u plastik idishlar ishlab chiqarishga ta’sir qiladi.
AQSH Tehrondagi ko‘prikka aviazarba berdi
AQSH harbiylari Eron poytaxtidagi Tehronni Karaj bilan bog‘lovchi B1 ko‘prigiga aviazarba berdi. Hujum oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 95 kishi jarohatlandi, ko‘prik esa jiddiy shikastlangan. Eron rasmiylari qurbonlar yaqin hududda Navro‘zni nishonlagan fuqarolar ekanini bildirdi, AQSH zarbani harbiy ta’minot yo‘llarini uzishga qaratilganini ma’lum qildi, Eron TIV esa bunday zarbalar mamlakatni taslim eta olmasligini ta’kidladi.
Kuba 2000 dan ortiq mahbusni ozod etadi
Kuba hukumati insonparvarlik va suveren niyat asosida 2010 nafar mahbusni ozod etishga qaror qildi. Ozod etiladiganlar orasida chet el fuqarolari, yoshlar, ayollar va 60 yoshdan oshganlar bor. Qaror «Muqaddas hafta» diniy bayramlari doirasida qabul qilingan va jinoiy adliya tizimida an’anaviy amaliyot sifatida baholanadi. Nomzodlar jinoyat turi, qamoqxonadagi xulqi, jazo muddatining katta qismini o‘tagani va sog‘lig‘i holatiga qarab tanlab olingan.
Iroq neftni avtotransportda eksport qilishni boshladi
Urush va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi fonida Iroq Suriya hududi orqali yuk mashinalarida xom neft eksportini boshladi. Neft eksportiga yuqori darajada bog‘liq mamlakat uchun bu muqobil yo‘nalish zaruratga aylandi. Dastlabki bosqichda rejalashtirilgan 299 ta yuk mashinasidan 178 tasi Baniyas portiga yetib borgan, u yerda neft terminalda tushirilib, keyinchalik tankerlar orqali eksport qilinadi. Suriya tomoni yuklarning xavfsiz o‘tishini ta’minlashini bildirgan.
Tojikiston prezidenti oziq-ovqat narxlari «misli ko‘rilmagan darajada» oshishidan ogohlantirdi
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ekspertlar tahliliga tayanib, joriy yilda oziq-ovqat narxlari misli ko‘rilmagan darajada oshishi mumkinligini ma’lum qildi. U bu jarayonni dunyodagi so‘nggi voqealar, iqlim o‘zgarishi va ularning salbiy oqibatlari bilan izohladi. Rahmon fermerlarni bahorning har bir imkoniyatidan samarali foydalanishga chaqirdi va suv hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish oziq-ovqat xavfsizligi va aholi farovonligini ta’minlashning muhim omili ekanini ta’kidladi.
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi 31-mart kuni Kant aviabazasida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng Rossiya qiruvchi samolyotlarining o‘quv-mashg‘ulot parvozlarini to‘xtatdi. Mashg‘ulot chog‘ida Su-25 samolyoti tasodifan ikkita o‘quv snaryadini tashlab yuborgan. Qurbonlar va vayronagarchilik bo‘lmagan, ammo bo‘sh snaryadlar yerga tushgan. Hodisa sabablari aniqlangunga qadar mashg‘ulotlar to‘xtatildi va tekshiruv boshlangan, Rossiya Havo-kosmik kuchlari maxsus komissiya yuborishga qaror qilgan.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA