Charlz III AQSH va Britaniya ittifoqini mustahkamlashga chaqirdi (+video)
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III AQSH bilan mamlakatining ko‘p yillik munosabatlarini yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqni “insoniyat tarixidagi eng muhim ittifoqlardan biri” deb ta’rifladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Qirolning to‘rt kunlik tashrifi doirasida AQSH mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda nutq so‘zlagan Charlz III ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar mustahkam ekanini ta’kidladi.
Charlz III shu bilan birga AQSH rahbarlarini xalqaro hamkorlikni davom ettirishga chaqirib, dunyo ishlaridan chetda qolmaslik muhimligini qayd etdi. U, ayniqsa, Eron bilan bog‘liq vaziyat tufayli munosabatlar sinovdan o‘tayotganini ham eslatib o‘tdi. Britaniya monarxi demokratiyaga oid umumiy qadriyatlarni ham alohida ta’kidladi.
Qirolning tashrifi AQSH prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyaning ayrim siyosiy qarorlarini tanqid qilayotgan murakkab davrga to‘g‘ri keldi. Jumladan, u bosh vazir Kir Starmerni Eron masalasidagi pozitsiyasi uchun bir necha bor tanqid qilgan edi.
Qirol yig‘ilganlar davrasida aytgan qadah so‘zida ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqni “farovonlik va xavfsizlikning asosiy ustuni” deb atadi.
Shuningdek, u Tramp bir necha bor tanqid ostiga olgan NATO kabi xalqaro ittifoqning ahamiyatini ta’kidlab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Nutq davomida qirol ko‘proq hazilomuz uslubdan foydalangan. Masalan, Donald Trampning Davos anjumanida Ikkinchi jahon urushi haqidagi gaplariga javoban u shunday dedi: agar AQSH bo‘lmaganida Yevropa nemischa gapirar edi, degan fikrga ishora qilib, agar biz bo‘lmaganimizda, siz fransuzcha gapirar edingiz, deb hazil qildi.
Shuningdek, u Oq uyning sharqiy qismi qayta qurilganini ham tilga olib, 1814-yildagi urushda ingliz qo‘shinlari prezident saroyini yoqib yuborganini hazilomuz tarzda eslatdi.
O‘z navbatida, Tramp ham hazil bilan javob qaytarib, onasi bir paytlar shahzoda Charlzga oshiq bo‘lganini ma’lum qildi va qirol nutqini “ajoyib” deb baholadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SY5hFui3eIE" title="Charlz III AQSH va Britaniya ittifoqini mustahkamlashga chaqirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA