O‘zbekiston "IFTM Top Resa 2026" ko‘rgazmasining hamkor mamlakati bo‘ladi
Fransiyaning Parij shahrida 2026-yil 15–17-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan "IFTM Top Resa" xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston “Hamkor mamlakat” (Country of Honour) sifatida ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan Fransiyadagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida maxsus matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir “Sayyohat qadriyati! Birgalikda ta’sir yaratuvchi omillarni kashf etamiz” shiori ostida o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida Fransiya va dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari, shuningdek xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi rahbariyati, IFTM tashkilotchilari hamda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi vakillari ham tadbirda qatnashdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, xususan, Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan turizm yo‘nalishlaridan biri sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Fransiyadan O‘zbekistonga qariyb 29,6 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. 2026-yilning dastlabki besh oyida esa ushbu ko‘rsatkich 1,3 barobarga oshib, taxminan 15 ming nafarga yetgan.
Tadbirda qayd etilishicha, "IFTM Top Resa 2026" ko‘rgazmasida ishtirok etish O‘zbekistonga nafaqat Buyuk Ipak yo‘li shaharlarini, balki zamonaviy infratuzilma, yangi turizm mahsulotlari va xalqaro loyihalarni ham keng namoyish etish imkonini beradi.

Ko‘rgazma doirasida iqtisodiy va hududiy qadriyatlar, inson kapitali hamda barqaror rivojlanish masalalarini qamrab olgan asosiy yo‘nalishlar taqdim etiladi. Joriy yilda tadbirga tashrif buyuruvchilar soni 10–15 foizga oshishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, IFTM Top Resa — turizm va sayyohlik sohasidagi eng yirik xalqaro ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, O‘zbekiston unda 2012-yildan buyon muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA