“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi doirasida qanday amaliy natijalarga erishilmoqda?
Toshkentda “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi doirasida amaliy natijalar va istiqbollarga bag‘ishlangan respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Soha vakillari, tibbiyot sohasi mutaxassislari, pedagoglar va ekspertlar ishtirok etgan ushbu tadbirda sog‘lom avlodni tarbiyalash, maktab ta’limi tizimida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda zamonaviy interaktiv yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Toshkent davlat tibbiyot universiteti professori Guli Shayxova, “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha vakili Aleksandra Makeyeva, O‘zbekistondagi “Nestlé” kompaniyasi menejeri Elvira Shihbadinova va boshqalar so‘zga chiqib, dasturning maktab ta’limidagi amaliy natijalari, uning samaradorligi hamda ijtimoiy ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturining asosiy maqsadi yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish ko‘nikmalarini rivojlantirish va ekologik bilimni oshirishdan iborat. Dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda O‘zbekistondagi “Nestlé” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda dastur Toshkent shahri, respublikamizning 12 viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumta’lim maktablarida izchil joriy etilyapti. Har yili 12 mingdan ortiq o‘quvchi sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va ekologik madaniyat bo‘yicha maxsus darslar, amaliy mashg‘ulotlar va interaktiv loyihalar asosida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Seminarda 2025-2026 o‘quv yili yakunlari bo‘yicha dastur doirasida erishilgan amaliy natijalar sarhisob qilindi. Shuningdek, uni maktab ta’limi tizimida yanada takomillashtirish, interaktiv usullarni kengaytirish va yangi metodikalarni joriy etish bo‘yicha takliflar muhokama etildi.
Tadbirning asosiy qismi sifatida “Food-laboratoriya” interaktiv amaliyoti taqdim etildi. Ushbu yondashuv o‘quvchilarga oziq-ovqat mahsulotlari tarkibi, ularning inson organizmiga ta’siri hamda sog‘lom ovqatlanish tamoyillarini chuqurroq o‘rganish imkonini berdi. Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar tibbiyot yo‘nalishi talabalari bilan hamkorlikda turli tajribalarda ishtirok etib, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamladi.

Professor Guli Shayxova “Food-laboratoriya” amaliyotining ahamiyatini alohida ta’kidlab, uni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
–“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi o‘quvchilarda ongli tanlov qilish ko‘nikmasini shakllantiradi. Eng muhimi, bu bilimlar sinf xonasi bilan cheklanib qolmaydi, balki bolalar uni kundalik hayotda ham qo‘llay boshlaydi. Aytish kerakki, biz ham talabalar bilan birgalikda mahsulotlar tarkibi, vitaminlar va ularning foydali jihatlarini o‘rgandik. Bu jarayon juda samarali bo‘ldi. Shu bois, “Food-laboratoriya”ni respublika bo‘ylab maktablarda keng joriy etish zarur, – dedi u.
Dasturning Rossiya va Yevroosiyo bo‘yicha vakili Aleksandra Makeyeva esa bunday xalqaro muloqotlar har jihatdan foydali va samarali ekanini qayd etdi.
– Bugungi kunda dunyo tez o‘zgarmoqda. Ana shunday sharoitda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va bolalarda to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini rivojlantirish masalasi har qachongidan ham dolzarb. “Salomatlik yo‘nalishlari” kabi dasturlar aynan shu yo‘nalishda amaliy natija berayotgani bilan ahamiyatli. Bu loyiha faqat bilim berish emas, balki bolalarda hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi, – dedi u.

Tadbir yakunida pedagoglar tomonidan tayyorlangan metodik ishlanmalar taqdimoti, yangi o‘quv yili rejalari bo‘yicha muhokamalar hamda ilg‘or tajribalar almashinuvi tashkil etildi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar taqdirlanib, dasturning keyingi bosqichlari bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA