MDH davlatlari bojxona sohasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda
Qozog‘istonda MDHga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi Akmal Mavlonov ishtirok etdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Majlis davomida bojxona sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xavflarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar bojxona organlari faoliyatida qo‘llanilayotgan axborot texnologiyalari, zamonaviy dasturiy mahsulotlar va istiqbolli raqamli yechimlar bo‘yicha tajriba almashdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarini bojxona amaliyotiga joriy etish va ushbu yo‘nalishda o‘zaro axborot almashinuvini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidan inspeksion-ko‘rik majmualaridan samarali foydalanish, rentgen tasvirlarini tahlil qilishning zamonaviy usullarini qo‘llash hamda transport vositalariga yashirin joylashtirilgan tovarlarni aniqlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalari o‘rin oldi. Bu borada mutaxassislarni o‘qitish, sun’iy intellekt tizimlarini takomillashtirish uchun yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Majlis ishtirokchilari MDH Huquqni muhofaza qiluvchi bo‘linmalar rahbarlari qo‘mitasi yig‘ilishlarida muntazam ishtirok etish muhimligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, mazkur hamkorlik kontrabandaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etish, nazorat ostidagi yetkazib berishlar tizimini takomillashtirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda Tovarlarni tasniflash masalalari bo‘yicha Ishchi guruhning yangilangan tarkibi ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasi boshlig‘i Ro‘ziboy Ro‘ziyev ishchi guruh rahbarining o‘rinbosari etib saylandi.
Shu bilan birga, MDHning 35 yilligi munosabati bilan kengash tomonidan ta’sis etilgan esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan bojxona xodimlari ro‘yxati tasdiqlandi. Quvonarlisi, ushbu ro‘yxatdan O‘zbekistonning 8 nafar bojxona xodimi o‘rin oldi.
Majlis yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi. Xususan, MDHga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari o‘rtasida tranzit tashuvlarni soddalashtirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumini ishlab chiqish ishlari boshlanishi ma’lum qilindi.
Kengashning navbatdagi yig‘ilishi 2026-yilning ikkinchi yarmida Belarus Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa bojxona sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA