Orban Putinga yordam taklif qildi
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga har qanday yordamga tayyorligini bildirgani haqida xabarlar tarqaldi. 2025-yildagi telefon suhbati bayoniga tayanilgan bu ma’lumotda Orban o‘zini “qo‘lidan kelgancha yordam beruvchi do‘st” sifatida ta’riflagan. Shuningdek, Budapeshtda tinchlik muzokarasi o‘tkazish taklifini ham bergan.
Muloqot chog‘ida Orban vengr xalq ertagidan misol keltirgan: kichik sichqon sherga yordam beradi va shu orqali do‘stlikning ahamiyati ko‘rsatiladi. Putin bu qiyosni hazil bilan qabul qilgani aytilmoqda. Ikki rahbar suhbati diplomatiya ruhida kechgan bo‘lsa-da, uchrashuvning mazmuni jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Mazkur xabar Vengriya va Rossiyaning yaqin munosabatidan xavotirni kuchaytirdi. Zero, Budapeshtning Yevropa Ittifoqi doirasidagi pozitsiyasi ko‘p bor bahsga sabab bo‘lgan. Orban esa o‘z siyosatini “mustaqil va muvozanatli” deya ta’riflab keladi. Putin ham ayni yondashuvni yuqori baholaydi.
Umuman, saylov arafasida Rossiyaning Vengriya siyosatiga ta’siri xususida turli iddaolar ilgari surilmoqda. Ayrim manbalar Kreml axborot kampaniyasi orqali Orbanni qo‘llab-quvvatlayotganiga e’tibor qaratyapti. Ushbu holat Yevropa siyosiy muhitida yangi bahs keltirib chiqardi. Xullas, vaziyat ko‘pchilikning diqqat markazida.
Musulmon Ziyo, O‘zA