Netanyaxu: Livan bilan muzokara boshlanadi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumatga Livan bilan bevosita muzokara boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi. “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va ikki davlat o‘rtasida tinch munosabat o‘rnatishga qaratilgan bu bayonot rasmiy Bayrut tomonidan muloqotga tayyorlik bildirilgandan keyin yangradi. Shu tariqa ko‘p yillik qarama-qarshilikdan keyin diplomatiya yana kun tartibiga chiqmoqda.
To‘g‘ri, vaziyat hamon keskin. Isroil armiyasi Bayrut janubidagi aholini favqulodda evakuatsiya qilishga chaqirdi. Bu hudud “Hizbulloh”ning asosiy tayanch nuqtalaridan biri hisoblanadi. Ogohlantirish ortidan yangi havo zarbalari ehtimoli kuchaydi.
So‘nggi kunlarda harbiy harakat yana kuchaygan. Keskin hujumlar natijasida yuzlab odam halok bo‘lgani xabar qilindi. Janubiy Livanda qurolli to‘qnashuv davom etyapti. Demak, muzokara boshlanishiga qaramay, vaziyat hali barqaror emas.
Shu bilan birga, xalqaro maydonda ham turli qarashlar mavjud. AQSH yetakchisi Donald Tramp bu jarayon Livanga aloqador emasligini aytgan. Ayrim davlatlar va vositachilar aksincha fikrda. Shu bois, muzokara taqdiri nafaqat ikki davlatga, balki kengroq mintaqaviy vaziyatga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA