Netanyahu Livan bilan muzokara boshlamoqchi (+video)
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan bilan “Hizbulloh” harakatini qurolsizlantirish va ikki mamlakat o‘rtasida tinch munosabatlar o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida topshiriq berdi, deb xabar berdi DW nashri.
Bu haqda 9-aprel kuni Isroil hukumati saytida bayonot ham e’lon qilindi.
Netanyahuning ma’lum qilishicha, Livan rasmiylaridan muzokaralarni boshlash bo‘yicha bir necha bor murojaatlar kelib tushgan. U shundan keyin, aniqrog‘i, 8-aprel kuni hukumat yig‘ilishida imkoni boricha tezroq muloqotni boshlash uchun topshiriq berganini aytdi.Muzokaralar kelasi hafta AQSH Davlat departamentida boshlanishi mumkin.
8-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Netanyahu bilan telefon suhbatida Isroildan Livanga berilayotgan zarbalar sonini kamaytirishni so‘ragan. Maqsad Eron bilan muzokaralarni buzib qo‘ymaslik bo‘lgan. Lekin, Netanyahu AQSH va Eron o‘rtasidagi ikki haftalik sulh Livanga taalluqli emasligini ma’lum qilgan.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Netanyahunning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan, biroq Tehron vakillari Livandagi janglarni to‘xtatish sulh bitimiga kirganini bildirgan.
8-aprelga o‘tar kechasi AQSH va Eron ikki haftalik o‘tochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu Trampning Eronni “yo‘q qilib yuborish” bilan tahdid qilgan ultimatum muddati tugashidan bir soat oldin amalga oshdi.
AQSH prezidenti bu kelishuvni “to‘liq va mutlaq g‘alaba” deb atagan bo‘lsada, Tehron uni o‘z g‘alabasi sifatida baholagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Xbot1fmTgsM" title="Netanyahu Livan bilan muzokara boshlamoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA