Opta superkompyuteri La Liga chempionligi uchun asosiy favoritni aniqladi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, amaldagi chempion «Barselona» yangi mavsumda ham asosiy favorit hisoblanadi.
Opta statistik kompaniyasi superkompyuteri 2026/27-yilgi La Liga mavsumini 10 ming marta simulyatsiya qilib, Ispaniya chempionligi uchun jamoalarning imkoniyatlarini baholadi. Natijalarni The Analyst portali e’lon qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, amaldagi chempion «Barselona» yangi mavsumda ham asosiy favorit hisoblanadi. Kataloniya klubining chempion bo‘lish ehtimoli 45,6 foizga baholangan.
Ikkinchi o‘rinda Madridning «Real» klubi — 31 foiz. Kuchli uchlikni 8,6 foiz imkoniyat bilan «Atletiko» yakunlagan.
Shuningdek, «Vilyarreal»ning chempionlik imkoniyati 3,3 foiz, «Betis»niki esa 2,1 foiz deb baholangan.
Superkompyuter hisob-kitoblariga ko‘ra, La Ligani tark etish xavfi eng yuqori bo‘lgan jamoalar qatoridan «Deportivo», «Elche» va «Sevilya» joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda «Barselona» Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan va «Real»ni 8 ochkoga ortda qoldirgan. «Vilyarreal» esa mavsumni uchinchi o‘rinda yakunlagan.