Belgradda yirik norozilik namoyishlari avj oldi
Serbiya poytaxtining “Slaviya” maydonida talabalarning yirik norozilik aksiyalari o‘tkazildi. Ko‘chalarga chiqqanlar o‘lkada muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, aksiya “Talabalar g‘alaba qozonmoqda” (“Studenti pobeđuju”) shiori ostida o‘tgan. Mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich parlament saylovlari joriy yilda bo‘lib o‘tishini bir necha bor ta’kidlagan bo‘lsa-da, ammo hali rasman kuni ma’lum qilinmagan.

Shahar politsiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, aksiyada 34 mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan. Ayrim nodavlat tashkilotlari esa namoyishchilar sonini 180–190 ming kishi deb baholadi va ushbu aksiyani 2000-yilda Serbiya hamda Yugoslaviya sobiq prezidenti Slobodan Miloshevich hokimiyatdan ag‘darilganidan keyingi eng yirik namoyish, deb atadi.
Miting vaqtida namoyishchilar va politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi o‘nlab odamlar qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Avvalroq, Serbiya yetakchisi Aleksandr Vuchich prezidentlik vakolatlari muddati tugashi munosabati bilan o‘z lavozimini tark etishi mumkinligini aytgandi. U 2017-yilda respublika prezidenti etib saylangan. 2022-yilda Vuchich ikkinchi muddatga qayta saylandi. Uning prezidentlik vakolatlari muddati 2027-yilda o‘z nihoyasiga yetadi.
O‘.Alimov, O‘zA