Mundialning "K" guruhidagi jamoalar mundial davomida qanday liboslarda harakat qilishi ma’lum
“K” guruhidan joy olgan Portugaliya, Kolumbiya, Kongo va O‘zbekiston terma jamoalari qanday brend ostidagi liboslarda harakat qilishini e’lon qildi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda “K” guruhidan joy olgan Portugaliya, Kolumbiya, Kongo va O‘zbekiston terma jamoalari qanday brend ostidagi liboslarda harakat qilishini e’lon qildi.
Jahon chempionati favoritlaridan biri hisoblangan Portugaliya terma jamoasi ushbu mundialga Puma brendi ostidagi liboslarda tashrif buyuradi. Portugaliyaning uy libosi qizil rangda bo‘lib, futbolkaning yuza qismi ingichka to‘lqinsimon naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning yoqa qismi V shaklda ishlangan va yashil rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, libosning yeng qismidan ham shu rangdagi chiziqlar o‘tkazilgan.

Portugaliyaning safar libosi oq rangda ishlangan. Libosning ustki qismi och moviy rangdagi marmarsimon naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning ikki yon tomoniga esa to‘q yashil rangdagi shaklar bilan ishlov berilgan.

Guruhning ikkinchi jamoasi Kolumbiya terma ushbu mundialda Adidas brendining liboslaridan foydalanadi. Kolumbiyaning asosiy libosi sariq rangda bo‘lib, uning yuza qismi kapalak qanotlari yoki tropik ornamentlarini eslatuvchi naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning yoqa qismi V shaklda yaratilgan va ko‘k rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Bundan tashqari, formaning yeng qismining uchlariga ham shu rangda ishlov berilgan.

Kolumbiya termasining safar libosi to‘q ko‘k rangda yaratilgan bo‘lib, formaning ustki qismiga to‘lqinsimon neon naqshlar bilan ishlov berilgan. Libosning yoqa va yeng qismlari esa sariq rang bilan ajratilib qo‘yilgan.

Guruhning yana bir jamoasi mundial debyutantlaridan biri hisoblangan Kongo termasi ushbu turnirda Umbro brendi ostidagi liboslarda harakat qiladi. Kongo termasining uy libosi ko‘k rang ishlangan va uning ustki qismiga zebraga o‘xshab ketadigan abstrakt naqshlar bilan ishlov berilgan. Formaning yoqasi oddiy dumaloq shaklda ishlangan va ingichka qizil chiziqlar bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, libosning yeng qismi esa qizil va oq ranglar bilan ajratilgan.

Kongoning mehmon formasi oq rangda bo‘lib, kiyimning ustida ko‘k geometrik naqshlar pastdan yuqoriga chiqib kelgandek qilib dizayn qilingan. Libosning yoqa qismi dumaloq shaklda yaratilgan va ingichka ko‘k chiziq bilan ajratilib qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, guruhning yana bir jamoasi hisoblangan O‘zbekiston termasi mundial davomida harakat qiladigan liboslarini hali e’lon qilmadi.