Mundialning "G" guruhidan joy olgan terma jamoalar turnir davomida foydalanadigan liboslarini taqdim etdi
Belgiya terma jamoasi Adidas, Misr va Yangi Zelandiya esa Puma brendidan foydalanmoqda.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda "G" guruhidan joy olgan Belgiya, Misr, Yangi Zelandiya va Eron terma jamoalari qaysi brend ostidagi liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Guruhning birinchi termasi Belgiya jamoasi turnir davomida Adidas tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda harakat qiladi. Belgiyaliklarning uy formasi qizil rangda bo‘lib, uning ustki qismida olovga o‘xshash naqshlar bilan ishlov berilgan. Libosning yoqa va yeng uchlari qora va sariq rang kombinatsiyasi bilan ajratilib qo‘yilgan.

"Qizil iblislar"ning safar formasi noodatiy tarzda ishlanganligi bilan ajralib turadi. Formaning asosiy rang och ko‘k rangda ishlangan va ustigi qismi pushti rangdagi doira shakllari va vertikal chiziqlar bilan bezatilgan. Libosning yoqa qismi V shaklida ishlangan bo‘lib, qora rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, kiyim yengining uch qismiga ham shunaqa rangda ajratilgan.

Guruhning ikkinchi jamoasi Misr termasi ushbu turnirga Puma brendi tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda tashrif buyuradi. "Fir’avnlar"ning uy libosi qizil rang hisoblanadi. Formaning ko‘krak qismi esa geometrik va uchburchaksimon naqshlar bilan dizayn qilingan. Bu naqshlar Misr piramidalarini eslatadi. Formaning yoqa qismi qora rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, libosning ikki yon tomoniga ham qora rangdagi shaklar bilan ishlov berilgan.

Misrliklarning ikkinchi libosi oq rangda ishlangan bo‘lib, kiyim sodda ko‘rinib qolmasligi uchun usti tomoni uchburchaksimon naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning yoqa qismiga qora rang bilan ishlov berilgan.

Guruhning uchinchi jamoasi Yangi Zelandiya termasi turnir davomida Puma brendi ishlab chiqargan liboslardan foydalanadi. Zelandiyaliklarning birinchi libosi oq rangda bo‘lib, uning oldi qismiga kulrang naqshlar bilan ishlov berilgan. Formaning ikki yon tomoni esa qora rangdagi shaklar bilan bezatilgan.

"Oq tanlilar"ning mehmon libosi to‘liq qora rangda bo‘lib, bu rang Yangi Zelandiya jamoasining an’anaviy "All Blacks" uslubiga mos tarzda yaratilgan. Libos oddiy ko‘rinib qolmasligi uchun uning oldi qismiga kulrang va qoramtir rangdagi naqshlar bilan dizayn qilingan.

Ma’lumot uchun, guruhning yana bir a’zosi hisoblangan Eron terma jamoasi siyosiy sabablar tufayli ushbu mundialda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda.