Laziz Rahmatov: “Dunyo mamlakatlari”
Taniqli jurnalist va adib, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), “Qanot” loyihasi asoschisi Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” nomli ajoyib kitobi nashrdan chiqdi. Kitob o‘z nomi bilan dunyo mamlakatlari haqida...
Ochig‘i, dunyo davlatlari haqida ma’lumot beruvchi manbalar, kitob, risolalar bor, hatto ko‘p deyish mumkin. Ammo, ulardan ko‘ngil to‘lmaydigan jihalar borligi ham haqiqat. Masalan, ularda taqdim etilgan ma’lumotlar sizni qoniqtirmaydi, boz ustiga juda eski, davlatlar soni, geografiyasi juda g‘arib, cheklangan. Siz axtarib balki o‘sha kitob yo risolani topishingiz mumkin, ammo undan kerakli ma’lumotlarni ololmasligingiz ehtimoli yuqori va ko‘p hollarda axtargan davlatingiz o‘sha kitobdan joy olmagan ham bo‘lib chiqadi.
Bu fikrlarni bayon etishdan murod Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi chin ma’doda kitobxonlarga sovg‘a bo‘ldi. Mazkur kitob yuqorida tilga olingan kamchilik, nuqsonlardan xoli va o‘zigacha bo‘lgan bo‘shliq – kemtiklik o‘rnini to‘ldirib turadi.
“Dunyo mamlakatlari”da dunyoning 236 ta davlati haqida ma’lumot bor. Har biri alohida bir olam. Kitobni qo‘lga olib, muallif katta mehnat qilganini qalbingizdan o‘tkazasiz.
Yon qo‘shnimiz Afg‘oniston bilan boshlanib Janubiy Amerikaning Chili davlati haqidagi ma’umotlar bilan xotima topayogan kitob yaxlit katta bir asarni eslatadi. Undagi har bir davlat haqidagi ma’lumot alohida bir hikoyadek tassurot qoldiradi.
Yana bir jihati, siz ushbu hikoyalar ortida muallifni – o‘z kasbining egasi bo‘lgan zahmatkash jurnalist, adib va olim Laziz Rahmatovni ham ko‘rib turasiz.
Muallif va kitobning yutug‘i haqida ikki og‘iz so‘z. Unda keltirilgan ma’lumotlar yangi va kitobxonni qoniqtiradigan darajada boy. O‘quvchi kitobdan dunyoning turli davlatlari haqida ma’lumotlar olishi barobarida O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan aloqalari, diplomatik munosabatlari, o‘zaro hamkorligi haqida ham batafsil va kerakli axborotni oladi.
Laziz Rahmatovning ushbu kitobi yurtimizdagi ham bir maktab va oliy o‘quv yurtlari kutubxonalari, ma’rifat maskanlari, qolaversa, shaxsiy kutubxonalardan joy olishi shart bo‘lgan kitoblardan, deb o‘ylaymiz.
Farzandlarimiz – o‘g‘il-qizlarimizning dunyoning tanishida ushbu kitob o‘ziga xos kalit vazifasini o‘tagusi.
Yana bir gap, mamlakatimizdagi o‘quv va ma’rifat maskanlari, qiziquvchilar sonini bir chamalab, kitob bor-yo‘g‘i ming adadda chiqqanini mulohaza qilib ko‘radigan bo‘lsak, hali ehtiyojni qondirishga katta zarurat borligi oydinlashadi. Kitobni ko‘p nusxada chiqishi lozimligi oydinlashadi.
Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobini topib, albatta, o‘qing.
A.Narzulloyev,
O‘zA