Ijodiy muloqotlar ijodkorga ilhom beradi
Bobur shahrida o‘tkazilayotgan Rassomlar festivalida rangtasvir, grafika, miniatyura, haykaltaroshlik, fotorassomlik va boshqa yo‘nalishlarda namoyish etilayotgan turli mavzulardagi, rang-barang ijodiy ishlar ko‘plab kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirmoqda.
Ana shu jarayonda ayrim musavvirlar bilan suhbatda bo‘lib, ularning qiziqish va qalb kechinmalari bilan o‘rtoqlashdik.
Rustamjon O‘rozov, Jalaquduq tumanidagi 13-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi:

– Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu festival o‘tkazilayotganligidan respublikamizning barcha rassomlari behad xursand. Chunki o‘z ijodimizni namoyish etish bilan birga, bir-birimizdan o‘rganyapmiz, o‘zaro fikr almashyapmiz, muloqotlar o‘tkazyapmiz. Bu, albatta, barchamizni yanada shijoat bilan ijod qilishga undaydi. Festivalda “Jalaquduqning yetti go‘zali” nomli va boshqa qator ijodiy ishlarim bilan ishtirok etyapman. Ijod namunalarim festival ko‘rgazmalariga tashrif buyurayotgan mehmon va muxlislarga manzur bo‘lyapti. Ularning ko‘pchiligi o‘zlarining hissiyotlari bilan o‘rtoqlashmoqda, fikrlarini bildirmoqda. Muxlislarning fikri, e’tibor va e’tirofi esa har qanday ijodkor, ayniqsa, musavvir uchun juda yoqimlidir.
Akrom Bahromov, Kamoliddin Bexzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti o‘qituvchisi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi:

– Bobur shahridagi go‘zal “Ziyolilar” bog‘ida o‘tkazilayotgan festival juda chiroyli o‘tmoqda. Har bir viloyat tasviriy va amaliy san’at vakillari o‘zlari uchun ajratilgan ko‘rgazma maydonlarida ijod namunalarini, ijodiy salohiyatlarini namoyish etmoqda. Eng asosiysi, festival doirasidagi hamkasblar, muxlislar bilan muloqotlar ijod yo‘nalishida bizga ko‘p narsa berdi, bir-birimizdan ko‘p narsa o‘rgandik. Festivalda men ham grafika, plakat yo‘nalishidagi ijodiy ishlarim bilan qatnashyapman. Ishonamanki, ekspertlarimiz tomonidan har bir ish munosib baholanadi.
Zafar Ro‘ziqulov, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom:

– Yurtboshimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu festival biz ijod ahliga ijodiy ishlarimizni keng jamoatchilikka namoyish etish imkonini berdi. Ishonamanki, festival men kabi ko‘plab ijodkorlarga yangi-yangi asarlar yaratish uchun ilhom, kuch, shijoat beradi. Men festivalda “Qalbimdagi Vatanim” deb nomlangan fotoko‘rgazma bilan qatnashib, muxlislarimiz, yurtdoshlarimizni 100 dan ziyod asarlarim bilan bahramand etmoqdaman.
Faxriddin Ubaydullayev yozib oldi,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.