“Lahzalar chorrahasi”: teran fikrlar to‘plami
Bugungi globallashuv davrida inson ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etish va adabiy jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Zero, adabiyot — xalqning yuragi, uning o‘tmishi va kelajagini bog‘lovchi ma’naviy ko‘prikdir. Ayniqsa, fikrni qisqa va lo‘nda, ammo teran ifoda etuvchi to‘rtlik janri o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotida alohida mavqega ega.
Toshkent kimyo-texnologiya institutining Sirdaryo viloyati filialida bo‘lib o‘tgan adabiy-ma’rifiy anjuman aynan shunday ijodiy izlanishlar samarasiga bag‘ishlandi. Tadbirda yangiyerlik ijodkor va shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi Mustafo Jo‘raning “Lahzalar chorrahasi” nomli yangi to‘rtliklar to‘plami keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Taqdimot marosimida poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli adabiyot namoyandalari — shoir va tarjimon, Rudakiy mukofoti sohibi Odil Ikrom, adib Abdunabi Boyqo‘ziyev, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori Go‘zal Begim, shoira Oydinniso hamda mahalliy ijodkorlar, olimlar va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Institut filiali direktori o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyev anjumanni ochar ekan, bu kabi uchrashuvlar talaba-yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va ularda milliy adabiyotga bo‘lgan mehr tuyg‘usini shakllantirishda beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. So‘zga chiqqan ma’ruzachilar, xususan, professor Go‘zal Begim asarning uslubiy o‘ziga xosligiga to‘xtalib, Mustafo Jo‘ra ijodida tibbiyot xodimiga xos diqqat va shoirona nafosat mujassamligini qayd etdi. To‘plamdagi to‘rtliklar chuqur falsafiy mushohadasi, ixcham va ta’sirchan ifodasi bilan ajralib turadi. Taniqli adib Abdunabi Boyqo‘ziyev esa keyingi paytlarda biroz e’tibordan chetda qolgan to‘rtlik janri Mustafo Jo‘ra ijodida yangicha mazmun va mahorat bilan boyitilganini e’tirof etdi.

— Ijodkor salohiyati asarning hajmi bilan emas, balki undagi fikr teranligi va o‘quvchi qalbiga yetib borish quvvati bilan o‘lchanadi, — dedi shoir Odil Ikrom. — “Lahzalar chorrahasi” dagi har bir satr o‘quvchini mushohadaga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

Qayd etilganidek, to‘plamda hayot, inson taqdiri, vaqt qadri va ma’naviyatga oid aforistik fikrlar lo‘nda satrlarda ifodalangan. Tadbir davomida xorijiy mehmonlar tomonidan asarni boshqa tillarga tarjima qilish va xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasidagi tashabbuslar ham ilgari surildi.

Mustafo Jo‘raning ushbu to‘plami zamonaviy o‘zbek she’riyatida to‘rtlik janrining imkoniyatlari hali kengligini yana bir bor isbotladi. Mazkur taqdimot nafaqat bir kitobning taqdimi, balki viloyatdagi adabiy muhitning jonlanishi, ustoz-shogird an’analarining bardavomligi va yoshlar ma’naviyatini badiiy so‘z orqali boyitish yo‘lidagi xayrli qadam bo‘ldi. Shoirning “Lahzalar chorrahasi” da tug‘ilgan fikrlari kitobxonlar uchun hayotiy xulosalar chiqarishda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri