Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil qilindi
Sahovatpeshalik va muruvvat xalqimizga xos xislat. Azal-azaldan bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibat, ehtiyojmand insonlar va bolalarga g‘amxo‘rlik ham aynan millatimizga xos qadriyatlardan.
Ana shunday yuksak, oliyjanob qadriyatlarimizning namunasi va mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limi hamda “EZGU NIYAT” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamkorligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning nogironligi bo‘lgan farzandlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, malakali shifokorlar maslahati, laborator hamda zamonaviy diagnostik tekshiruvlar taqdim etilmoqda.
Bu kabi xayrli tashabbuslar orqali jamiyatda ezgulik, insonparvarlik va bag‘rikenglik yanada mustahkamlanadi.
Sherbek Islomov,
O‘zA