Joau Kanselu «Barselona»ga qaytishga yaqin
Portugaliyalik futbolchi 2023/24-yilgi mavsumda ham «Barselona» sharafini ijara asosida himoya qilgan
Portugaliyalik himoyachi Joau Kanselu «Al-Hilol»ni tark etib, «Barselona»ga qaytishga tayyorlanmoqda. Avvalroq futbolchi Saudiya klubi bilan shartnomasini bekor qilishga yaqin ekani haqida xabar berilgandi.
Jurnalist va insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «Barselona» Kanseluni tez orada o‘z safiga qo‘shib olishiga ishonmoqda. Futbolchining Kataloniya klubiga qaytishi kelasi haftaga rejalashtirilgan.
Kanselu o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida «Barselona» safida ijara asosida o‘ynab, 23 ta uchrashuvda 2 ta gol va 4 ta golli uzatma qayd etgan.
Portugaliyalik futbolchi 2023/24-yilgi mavsumda ham «Barselona» sharafini ijara asosida himoya qilgan. O‘shanda u «Manchester Siti»dan ijaraga olingandi.