“Boburnoma”da Jizzax vohasi tavsifi
Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi
Ayni paytda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi butun mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi, tarixchi, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, boy ma’naviy merosi, ilmiy asarlari yodga olinmoqda. U yaratgan bebaho asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni beqiyosdir.
Mamlakatimizning qadimgi va o‘rta asrlar tarixiga oid arab, fors, Xitoy, Hindiston va o‘rta osiyolik mualliflar yozma manbalarida Jizzax vohasi tarixi haqida ancha boy ma’lumotlar saqlanib qolgan. Ushbu manbalar ichida Jizzax vohasining XV-XVI asrlar davri tarixi haqida Zahriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari alohida ahamiyat kasb etadi.

“Boburnoma”ni o‘zbek adabiyotida dastlabki nasriy memuar, tarixiy ilmiy asar deb aytsak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, sababi u eski o‘zbek (chig‘atoy) tilida yozilgan. “Boburnoma”da 1494-1529 yillarda Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Hindistonda sodir bo‘lgan tarixiy siyosiy voqealar yilma-yil o‘ta aniqlik bilan bayon qilingan. Ushbu bebaho asar o‘zida bayon qilingan voqealar jarayoniga ko‘ra, 3 qismga: Boburning Movarounnahr (1494-1504), Afg‘oniston (1504-1524) va Hindiston (1524- 1530)dagi hukmdorlik davriga bo‘linadi.
Asar tarixiy adabiy manba sifatida yana shunisi bilan e’tiborliki, unda ko‘plab tarixiy shaxslar, adabiyot va san’at ahllari, din peshvolari, shoh va shahzodalar, beklar, amiru umarolar haqida ma’lumotlar uchraydi.
Mirzo Bobur o‘z asarida Jizzax vohasidagi aholi maskanlari – Ilono‘tti darasi, Xaliliya, Dizak, Peshag‘or, Zomin, Yom, Yor-Yayloq kabi kentlar haqida ma’lumotlar keltiradi. Jumladan, muallif hijriy 904 yil (1498-1499) voqealari qismida shunday yozadi: Samarqand va Andijonga takroran yurish qilib, hech ish chiqarolmay, yana Xo‘jandga keldik. Samarqandni egallamoq umidi bilan O‘ratepadagi Muhammad Husayn ko‘ragon dug‘latga kishilar yuborib, so‘zlashib, bu vaqtlari unga tegishli bo‘lgan hazrat Xoja Ahrorning mulk yerlaridan Yoryayloq qishloqlaridan Pashog‘arni, bu qish bizga vaqtincha berib tursin, deb so‘radik. Muddaomiz u yerda o‘tirib, Samarqand viloyatini qo‘lga kiritish uchun qo‘ldan kelgancha urinish edi. Muhammad Husayn mirzo ham rozi bo‘ldi. Xo‘janddan otlanib Pashog‘arga jo‘nab ketdik. Zominga yetgan fursatda isitma boshlandi. Isitmaga qaramay, Zomindan otlanib tog‘ yo‘li bilan o‘tib, Raboti Xoja qo‘rg‘onining ustiga keldik.
Zahiriddin Muhammad Bobur 1498-1499 yillarda Samarqandga qilingan yurishlari muvaffaqiyatsiz tugagach, sulh tuzib, yana Jizzax vohasidan ortga ota mulklariga qaytganini quyidagicha bayon etadi: “Yoz kelib sulh uchun Xoja Yahyoni yubordilar, o‘zlari ham lashkar payida Sheroz va Kobud atroflariga keldilar. Bizning bor lashkarimiz ikki yuzdan ko‘proq, uch yuzdan ozroq edi. Har tarafdan kuchli g‘animlar. Andijon uchun urindik, tole hech madad qilmadi. Samarqandga qo‘l uzatdik, hech ish yurishmadi. Zaruratdan sulh tuzganga o‘xshab kelishib, Pashog‘ardan orqaga qaytildi”.
XV asr oxirlarida Temuriy shahzodalar va mulkdor zodagonlar o‘rtasidagi nizo-fitnalar, taxt uchun kurashning avj olishi natijasida Amir Temur saltanati bir necha bo‘laklarga bo‘linib ketadi. Temuriylarning o‘zaro urushlari kuchaygan paytdan foydalangan Shayboniyxon ustalik bilan ko‘plab qal’a va kentlarni bosib oladi. Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo – Boburning Temuriylar saltanatini saqlab qolish maqsadidagi sa’y-harakatlari zoye ketadi.
Bobur Mirzo Xudak kentidan o‘tib, Ilono‘tti darasida yaqinlari bilan otda bahs qilish chog‘ida egari uzilib, otdan yiqiladi va boshidan jarohatlanadi, ming azob-uqubatlar bilan tunni Ilono‘ttida o‘tkazadi va bu voqealarni shunday tasvirlaydi: “Kech namozgar Ilono‘ttiga tushub, ot o‘lturub, etini shishlab, kabob qilib, otni lahza tindurub, otlanduk. Tongdan burunroq Xaliliya kentiga kelib tushduk. Xaliliyadan Dizak kelindi, ul fursatda Zakta Hofiz Muhammadbek do‘ldoyning o‘g‘li Tohir do‘ldoy edi. Semiz etlar va mayda etmaklar, arzon, chuchuk qovunlar va yaxshi uzumlar farovon”, deya bayon etgan.
Turli jang va nizolardan toliqqan Zahiriddin Muhammad Bobur Jizzaxda bir oz vaqt bo‘lsada xotirjamlik va farog‘at ko‘rdi. Buni muallifning mazkur jumlasida ham ko‘rish mmumkin: “Andoq usrattin mundoq arzonliq va andoq baliyattin mundoq amonliqqa keldik”. Iste’dodli sarkarda va nozikta’b shoir Bobur Jizzaxga atab ushbu misrani bitgan: “Vahmu usrattin amone toptuq, Yangi jon, toza jahone toptuq.”
U yana Jizzax vohasi haqida ma’lumot berib, o‘z tuyg‘ularini quyidagicha ifodalaydi: “O‘lum dag‘dag‘asi xotirdan raf’ bo‘lib, ochlik shiddati eldin daf’ bo‘ldi. Umrumizda muncha farog‘at qilmaydur eduk. Muddatul – umr amonlig‘ va arzonlig‘ qadrini muncha bilmaydur eduk. Ishrat usrattin so‘ng, farog‘at mashaqqattin keyin lazzatliqroq va yaxshiroq ko‘runur. To‘rt-besh navbat ushmundoq shiddattin rohatqa va mashaqattin farog‘atqa muntaqil bo‘lubdur. Avvalg‘i navbat bu edi. Mundoq dushman balosidin va ochlik ibtilosidin xalos bo‘lub, amonlig‘ rohatig‘a va arzonlig‘ farog‘atig‘a yetushtuk. Uch-to‘rt kun Dizakta istirohat qilduk. Andin so‘ng O‘ratepa sari azimat qilduk”.
Zahiriddin Muhammad Boburning Ustrushonadagi Jizzax vohasiga chegardosh kentlar haqida O‘ratepaning ko‘xpoya kentlaridan hisoblangan Dahkat haqida, “eli agarchi sort va dehnishindur, vale atroqdek gala va ramalliq ellardir. Dahkatning qo‘yini qirq ming chenarlar edi”, deb ta’rif beradi. Ushbu ta’rifni to‘g‘ridan to‘g‘ri Mascho va Dahkat bilan yonma-yon joylashgan Xovos, Zomin, Jizzax va alohida e’tibor bilan ta’riflangan Peshag‘or uchun ham taaluqli deb hisoblash mumkin.
Bu yurtda dehqonchilik, chorvachilik va o‘z joylashuviga ko‘ra savdo-sotiq sohasi ham keng taraqqiy etganligini alohida ta’kidlash joiz. Shuning bilan bir qatorda muallif voha aholisining mohir sohibkorlar bo‘lganligini “Arzon, chuchuk qovunlar va yaxshi uzumlar farovon” deb yozgan izohidan ham bilishimiz mumkin.
Ushbu davrda asosiy savdo vohalari Qo‘qondan Xo‘jand va O‘ratepa orqali Jizzaxga, Samarqand va Buxoroga o‘tuvchi yo‘lning ham mintaqaviy aloqalardagi ahamiyati katta edi. Mazkur holatda Jizzax vohasi savdo-sotiq va strategik jihatdan ham muhim yo‘nalishda joylashganligi va narx-navo arzon hamda turli soha vakillari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar mo‘l bo‘lganligi to‘g‘risida Mirzo Boburning ma’lumotlari qimmatli manba hisoblanadi.
Mustaqillik sharofati tufayli buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodi bilan keng va chuqur tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganligimiz, ayni haqiqatdir.
Yangi O‘zbekistonda adibning nomlari unutilayotgan asarlari yuzaga chiqib, ko‘p nusxada nashr etilmoqda. Galdagi vazifamiz ana shu boy va nodir xazinalarimiz bilan xalqimizni bahramand qilish, millionlab yoshlarimizni xalqimizning eng yaxshi urf-odatlari, milliy an’analari ruhida tarbiyalash hamda ularga o‘z ajdodlari bilan faxrlanish tuyg‘usini chuqur singdirib borishdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
Farrux AKCHAEV,
JDPU tarix fakulteti dekani, tarix
fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Javohir SAIDOV,
JDPU tarix fakulteti o‘qituvchisi.
O‘zA