Yovqur o‘g‘lonlar yodi doim barhayot
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab “Burch, jasorat, matonat!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Vatan osoyishtaligi, tinchligi va xavfsizligi yo‘lida jonini etgan yurtimizning mard va jasur o‘g‘lonlarining pok nomlarini mudom qalbimizda saqlash, ularning xotirasini e’zozlash, tabarruk yodiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning muqaddas burchimiz.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmati mas’ul xodimi, taniqdi ijodkor va jurnalist Zikrilla Ne’matning “Yovqur o‘g‘lonlar yodi” kitobi vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan asar bo‘lib, u asosan xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining jasoratini yod etishga bag‘ishlangan.
[gallery-29302]
Ushbu kitob tinchlik va osoyishtalik yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlar, ichki ishlar organlari xodimlarining hayoti va ko‘rsatgan qahramonliklari haqida hikoya qiladi. Muallif o‘zi ham Ichki ishlar vazirligi tizimida, jumladan, “Postda” gazetasida samarali mehnat qilgan ijodkor sifatida ushbu mavzu uning ijodida markaziy o‘rin tutadi.
Kitob yosh avlodni vatanparvarlik, mardlik va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Unda nafaqat xotiralar, balki mardlikni ulug‘lovchi she’riy va nasriy lavhalar o‘rin olgan.
Zikrilla Ne’mat 1961-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, u taniqli shoir, jurnalist va tarjimon. Uning qalamiga mansub “Ostonadan boshlanar Vatan”, “Spitamenning so‘nmas qo‘shig‘i” kabi vatanparvarlik mavzusidagi turkum asarlari mashhur.
Taqdimot tadbirida yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda milliy adabiyotimizning ahamiyati, Zikrilla Ne’matning ijodidagi o‘ziga xoslik, uning “Yovqur o‘g‘lonlar yodi” nomli kitobi xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari