Tarixiy xotira — millatning ma’naviy tayanchi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Burch, jasorat, matonat!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir xalqimizning ko‘p asrlik jasorat va fidoyilik an’analarini ulug‘lash, Vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini e’zozlash, shuningdek, bugungi avlod qalbida vatanparvarlik, sadoqat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati, uning milliy tafakkurimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.
[gallery-29281]
Tarixiy xotira — millatning ma’naviy tayanchi ekani, ajdodlar jasorati va matonati bugungi tinch hayotimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, adabiyot va san’at namoyandalari zimmasiga ana shu ulug‘ qadriyatlarni asrab-avaylash, uni yosh avlod ongiga singdirishdek sharafli vazifa yuklangani qayd etildi.
Tadbir davomida milliy adabiyotimizda urush va tinchlik mavzusi, inson jasorati masalalari qanday badiiy talqin etilgani xususida so‘z yuritildi. Ijodkorlarning asarlarida aks etgan vatanparvarlik ruhining jamiyat tarbiyasidagi o‘rni haqida mulohaza bildirildi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali o‘z nutqida urush yillarining og‘ir sinovlari, o‘sha davr insonlarining sabr-toqati va matonati haqida gapirib, bunday tarixiy haqiqatlarni unutmaslik, ularni badiiy asarlar orqali kelajak avlodga yetkazish zarurligini alohida ta’kidladi.
Kecha davomida she’rlar, xotiraga bag‘ishlangan badiiy chiqishlar va samimiy suhbatlar ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yosh ijodkorlar va talabalar uchun bu uchrashuv katta ma’naviy maktab vazifasini o‘tadi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilarda tarixiy xotiraga hurmat, ajdodlar jasoratiga ehtirom va bugungi tinch hayotimizning qadriga yetish kabi yuksak fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida o‘tgan ushbu uchrashuv milliy birlik va ma’naviy uyg‘unlikni tarannum etuvchi muhim madaniy voqea sifatida yodda qoldi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari