Assim Madibo jarohat olgan Ismail Konedan uzr so‘radi
Uchrashuvning 55-daqiqasida Madibo Konega nisbatan qo‘pol harakat qilib, raqib futbolchisining og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘ldi.
Kanada terma jamoasi bosh murabbiyi Jessi Marsh Qatar terma jamoasi yarim himoyachisi Assim Madibo Jahon chempionati–2026 doirasidagi o‘yinda jarohat olgan Ismael Konedan uzr so‘raganini ma’lum qildi.
Murabbiyning ta’kidlashicha, uchrashuvdan so‘ng Madibo Kanada terma jamoasi yechinish xonasiga kirib, futbolchidan shaxsan kechirim so‘ragan.
“O‘yinchi Ismaeldan uzr so‘radi. U yechinish xonasiga kirdi. Jamoa unga voqea haqida ma’lumot berdi”, - dedi Marsh matbuot anjumanida.
Uchrashuvning 55-daqiqasida Madibo Konega nisbatan qo‘pol harakat qilib, raqib futbolchisining og‘ir jarohat olishiga sabab bo‘ldi. Kone maydonni nosilkada tark etgan bo‘lsa, mazkur vaziyat uchun Madiboga qizil kartochka ko‘rsatildi. Mazkur bahsda Kanada terma jamoasi Qatar ustidan 6:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.