“Sudxo‘rning qabul kunlari” kitobi taqdimoti
Gulistonda yana bir kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi viloyat axborot-resurs markazida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulovning “Sudxo‘rning qabul kunlari” kitobi keng jamoatchilikka taqdim etildi. Asarning nomiyoq o‘quvchini mulohazaga undaydi: inson hayotida “qabul kunlari” qachon va u qanday qarorlar qabul qiladi?
Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova olib bordi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, madaniyat xodimi Imomqul Nurimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Ishonch” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri Bahor Xolbekova, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri Muhammadali Ahmad, faxriy jurnalist Turg‘un Norqulov, Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti Yangiyer filiali professori, falsafa fanlari doktori Ilyos Quvondiqov, “Xalq so‘zi” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri Ahmadali Shernazarov, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Anorqul Boybekov, O‘zbekiston xalq rassomi Rustam Xudoyberdiyev va boshqalar asarning badiiy qimmati, tilining ravonligi va hayotiyligiga alohida urg‘u berdilar. Ularning fikrlarida bir umumiy jihat bor edi: bu kitob o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
[gallery-28942]
Adibning “O‘zim o‘pay ko‘zingdan, Vatan”, “Yomg‘irni sog‘ingan odamlar”, “Sen ko‘zimning qarog‘ida yashaysan”, “Senga aytar so‘zim bor, hayot” kabi asarlari kitobxonlar qalbidan joy olgani bejiz emas. Bu asarlarda ham inson taqdiri, his-tuyg‘ulari va ma’naviy izlanishlari markaziy o‘rin tutadi.
“Sudxo‘rning qabul kunlari” kitobi esa muallif ijodidagi yana bir muhim bosqich sifatida e’tiborga molik. “IJOD NASHR” nashriyoti tomonidan chop etilgan ushbu to‘plamda muallifning yirik romani bilan bir qatorda qissalar, esseler, ocherk va hikoyalar jamlangan. Bu esa asarning mazmun doirasini kengaytirib, uni nafaqat badiiy, balki fikriy-ma’rifiy manbaga aylantiradi.
Asarda inson hayoti, uning ma’naviy kamoloti, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi azaliy kurash kabi mavzular badiiy yechim topgan. Muallif qahramonlari orqali o‘quvchini murakkab savollar oldida to‘xtatadi: inson o‘z tanlovlari uchun qay darajada mas’ul? Vijdon bilan yashash qanchalik qiyin? Va eng muhimi — haqiqat qay tomonda?
Bugungi axborot oqimi tezlashgan davrda bunday asarlarning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Chunki kitob — faqat o‘qish uchun emas, anglash, his etish va xulosa chiqarish uchun ham kerak. Aliqul Honimqulovning ushbu asari ana shu ehtiyojga javob beradi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA