“Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryo viloyati Yoshlar markazida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bu safar ham oddiy musobaqa emas, balki yoshlar intellektual salohiyati, dunyoqarashi va adabiyotga bo‘lgan yuksak qiziqishi namoyon bo‘lgan haqiqiy bilimlar maydoniga aylandi.
So‘nggi yillarda yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Bu esa “Yosh kitobxon” kabi tanlovlarning ahamiyatini yanada oshirib, ularni yoshlar o‘rtasida intellektual raqobatni shakllantiruvchi muhim platformaga aylantirdi.
Muhimi, Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu tanlov yildan yilga kengayib, ishtirokchilar soni ortib bormoqda. Agar o‘tgan yilda hududiy bosqichlarda qariyb 11 ming nafar yosh ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 15 ming nafardan oshdi. Ular orasidan saralangan 33 nafar bilimdon yosh viloyat bosqichida o‘z bilim va iqtidorini namoyon etdi.
Bellashuvlar 10–14, 15–19 va 20–30 yosh toifalarida tashkil etildi. Ishtirokchilar “badiiy asarlar bilimdoni”, tezkor savol-javob va mantiqiy fikrlashga doir murakkab shartlar asosida sinovdan o‘tkazildi. Savollar nafaqat bilim, balki tahliliy fikrlash va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini ham talab etdi.
[gallery-28927]
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z bilimlarini o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalari asosida namoyon etdilar. Xususan, Chingiz Aytmatov, Abdulla Qodiriy, Tog‘ay Murod, Muhammad Yusuf kabi adib va shoirlar ijodiga doir savollar tanlovning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Har bir javob aniqlik, tezkorlik va tahliliy yondashuv asosida baholandi. Baholash jarayonida poytaxtdan tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur hamda “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov ishtirok etib, xolislik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda baholash ishlarini olib borishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning bilim darajasi, fikrlash tezligi va adabiyotga bo‘lgan munosabati yaqqol namoyon bo‘ldi. Tanlov nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki yoshlar o‘rtasida sog‘lom intellektual muhitni shakllantirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 10–14 yosh toifasida Guliston shahridagi 11-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Inomjon Marqaboyev, 15–19 yosh toifasida esa Guliston shahri vakili Sevinch Samandarova, 20–30 yosh toifasida esa Guliston shahridan Munisa Hasanboyeva birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni qo‘lga kiritganlarga respublika bosqichida ishtirok etish huquqini beruvchi diplom, 2 va 3-o‘rin sohiblariga esa diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA