O‘zDJTUda Koreya madaniyat va ta’lim markazi ochildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya madaniyat va ta’lim markazi ochildi.
Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan majmuaning ochilish marosimida oliy ta’lim maskani rahbari Ilhomjon To‘xtasinov, KOICA O‘zbekiston vakolatxonasi direktori Shin Myung Seop, KIDC tashkiloti bosh kotibi Kim Bok Xi, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir universitetda amalga oshirilayotgan yirik xalqaro loyihalarning navbatdagisi sifatida e’tirof etildi.
Markaz O‘zDJTU va KOICA o‘rtasida 2025-yil 16 yanvar kuni imzolangan memorandum asosida amalga oshirilayotgan, 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda koreys tilini o‘rganish uchun zamonaviy va qulay ta’lim muhiti yaratiladi, maxsus kurslar, seminar va treninglar muntazam uyushtiriladi. Talaba-yoshlar uchun koreys madaniyatiga oid turli tadbirlar – madaniy kecha, festival va kino namoyishlari, turli ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi. Koreys tili va madaniyatiga qiziquvchilar uchun klub tashkil qilinib, bunday guruhlar faoliyati doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanadi. Qolaversa, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish maqsadida ilmiy-amaliy anjumanlar, akademik almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Qisqasi, yangi ochilgan markaz nafaqat til o‘rganish, balki koreys madaniyatini chuqur anglash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va zamonaviy bilimga ega mutaxassislar tayyorlashga ham ko‘maklashadigan muhim ta’lim va madaniyat habiga aylanadi.

Marosim doirasida koreyslarning milliy “Sogo” hamda o‘zbek raqslari ijro etildi, talabalar ijodiy chiqishlari, “Samulnori” musiqiy dasturi namoyish etildi.
Qayd etilganidek, 3 yilga mo‘ljallangan mazkur loyihaning umumiy byudjeti 1 116 000 dollar. Shundan 155 000 dollar markazni tashkil etish va jihozlash, 145 000 dollar esa moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda talabalar uchun tadbirlar tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Dasturga 70 nafar koreyalik ko‘ngilli ham jalb etilgan. Ular 5 bosqichda mamlakatimizga tashrif buyuradi. Hozirgacha jami 38 ko‘ngilli (volontyor) faoliyat olib borgan. Ayni payt ularning 16 nafari turli yo‘nalishlarda ish olib boryapti.
Tadbir davomida ishtirokchilar faoliyatiga rasman start berilgan Koreya madaniyat va ta’lim markazi bilan yaqindan tanishdilar.

G.Sattorova, O‘zA