O‘tmishimiz va bugunimizni bog‘lovchi, kelajagimizni belgilovchi muhim ijtimoiy tuzilma
Vatanimiz tarixidagi 22 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni. Ushbu kasb bayrami O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 2 martdagi “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni asosida joriy etilgan.
Mahalla o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, an’analari va ijtimoiy munosabatlarini o‘zida mujassam etgan noyob ijtimoiy tuzilma hisoblanadi. Uning tarixi o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixining ajralmas qismidir. Mahallaning shakllanishi juda qadimiy davrlarga borib taqaladi. Akademik Ahmadali Asqarovning ta’kidlashicha, bu jarayonning tarixiy ildizlari bronza davriga oid. Tarixiy ma’lumotlar va tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mahalla odamlarni uyushtiruvchi, ularni ijtimoiy faollikka chorlovchi, ma’naviy-axloqiy tarbiya beruvchi muhim ijtimoiy institut bo‘lib kelgan. Shu tariqa u ming yillar davomida o‘zbek xalqi hayotining ajralmas qismiga aylangan.
Mahalla shunchaki hududiy birlik emas, balki o‘zaro yordamga asoslangan ijtimoiy tuzilma hamdir. Mahalla boshqaruvi asrlar davomida o‘ziga xos tarzda rivojlangan, mahalla oqsoqoli alohida mavqega ega bo‘lgan. Tarixchilarning yozishicha, mahalla oqsoqollari to‘planib, o‘z mahallasining muammolarini muhokama qilishgan va ularni hal etish yo‘llarini izlashgan.
1394 yil (bundan 631 yil oldin) – Sohibqiron Amir Temurning to‘rtinchn o‘g‘li 18 yoshli Shohrux Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek Mirzo hijriy 796 yilning 19 jumodulavvali (milodiy 1394 yil 22 mart) yakshanba kuni Iroqi Ajamning Sultonnya shahrida dunyoga keldi. Uning onasi malika Gavharshodbegim edi. Yangi mehmonning yorug‘ dunyoga kelishi, Sohibqiron Amir Temurning “besh yillik yurishi” paytiga to‘g‘ri kelgan edi. Binobarnn, Sohibqiron haramiga mansub bo‘lgan malikalar va yosh bolalar lashkarning o‘g‘ruqida (o‘rdugoh) Saroymulkxonim (Bibixonim) boshchiligida Sultoniyada turadilar. Amir Temur esa Irokning shimolidagi Mordin kal’asini ishg‘ol qilish uchui jang olib borar edi.
Ulug‘bek tug‘ilgach, Saroymulkxonnm Shohrux Mirzoning farzand ko‘rganligi haqidagi xushxabarni Amir Temurga yetkazish uchun chopar yuboradi. Sharafuddnn Ali Yazdiyning bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu xushxabar Sohibqironning Mordin qal’asini zabt etgan kuniga to‘g‘ri kelgan. Amir Temur mazkur xushxabarni bag‘oyat xushnud bo‘lib, yangi mehmon poyi qadamini sharaflab, shahar xalqiga omonlik berib, xirojdan voz kechgan va shahar hokimligi mansabini sobiq hokim amir Sulton Isonning ukasi amir Sulton Solihga in’om qilib, o‘zi orqaga qaytgan.
Yangn mehmonga Muhammad Tarag‘ay deb nom beradilar. Tarixchi Ahmad Rafiqning olti jildlik “Buyuk tarixi umumiya” nomli asarida “Tarag‘ay” so‘zi eski turkcha “Tarla” qushi nomi bilan bog‘liq ekanligi haqida so‘z yuritilgan. Ma’lumki, bu nom Temurning marhum otasining nomi bo‘lib, hali temuriy shahzodalardan hech biriga berilmagan edi. Lekin ko‘p utmay chaqaloqning haqiqiy nomi tildan tushib, uiing o‘rniga Ulug‘bek deb atala boshlandi.
1394 yil (bundan 631 yil oldin) – Temurga zamondosh muarrixlardan Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida qayd etilishicha, hijriy 796 yil jumodalavval oyining o‘n to‘qqizinchisi yakshanbada (milodiy 1394 yil 22 martda) Bag‘dod shahri tevaragidagi Xarmotu (Xurmatur) qal’asida Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li, 38 yoshli Umarshayx mirzo halok bo‘ldi (Biroq tarixchi olim Sharafuddin Ali Yazdiy bu falokatning yanvar oyida sodir bo‘lganini yozadi).
Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Misr va Shom (Suriya)ni qo‘lga kiritish uchun Diyorbakr tomon qo‘shin tortgan Amir Temur Umarshayx mirzoni o‘z huzuriga yetib kelishini buyuradi. Otasi tomon otlangan Umarshayx mirzo Bag‘doddan to‘rt manzil masofadagi Kurdistondan o‘tib borayotganida yo‘l chekkasidagi Xarmotu qal’asiga duch kelgan. Umarshayx ushbu qal’ani yaxshiroq tomosha qilish maqsadida bir tepalikka chiqadi. Shu payt qal’a ichidan otilgan nogahoniy kamon o‘qi Umarshayxning qulog‘i ostidagi ko‘k tomirga tegadi. U shu zahoti olamdan ko‘z yumadi.
Uning qo‘shini Xarmotuni yer bilan yakson etadi. Ushbu voqeadan xabar topgan Amir Temur qattiq iztirobga tushadi. U amir Uchqaro bahodirni Umarshayxning jasadini Sherozga olib kelish uchun Xarmotu tomon jo‘natadi. Umarshayxning jasadi Sherozga olib kelingach, motam tutilib, mirzoni muvaqqat dafn qiladilar. Ma’lum fursatdan so‘ng uning xotinlari hamda hali voyaga yetmagan o‘g‘li Iskandar mirzolar jasadni Sherozdan Kesh (Shahrisabz)ga olib keladilar va temuriylar xonadoni uchun maxsus barpo etilgan daxmaga dafn etadilar.
1642 yil (bundan 383 yil oldin) – hijriy 1051 yil zulhijja oyining yigirmanchi kunida ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan Nadr Muhammadxon Buxoro xonligi taxtiga o‘tirdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, undan oldingi xon – hukmronligining so‘nggi yillariga borib ko‘zi ozij bo‘lib qolgan Imomqulixon taxtdan voz kechishga qaror qilgan edi. Bunga sabab hukmdorning ojizligidan foydalangan amaldorlar o‘z xohishlaricha ish yuritishlari, mustaqil siyosat amalga oshirishlari bo‘lgan. Natijada markaziy hokimiyat zaiflasha boshlagan. Buni to‘g‘ri anglagan Imomqulixon taxtni ukasi Nadr Muhammadxonga topshirib, o‘zi musulmonlik amallaridan biri haj ziyoratini amalga oshirish uchun Makka va Madina shaharlariga jo‘nab ketadi.
Buxoro xonligining to‘rtinchi ashtarxoniy hukmdori bo‘lgan Nadr Muhammadxon 1593 yilda tug‘ilgan. Uning ona tomonidan kelib chiqishi sayyidlarga borib taqaladi. U xonlik taxtiga o‘tirgunga qadar 1606/1609–1642 yillarda Balx hokimi vazifasini bajargan bo‘lsa, 1642–1645 yillar davomida Buxoro xonligining markaziy hokimiyatini boshqardi. Lekin u davlatni boshqarishda akasi Imomqulixon erishgan yutuqlarni takrorlay olmadi. U xonlik hududlarini o‘z o‘g‘illari va nabiralariga suyurg‘ol qilib taqsimlab berdi. Bu markaziy hokimiyatning kuchsizlanishiga olib keldi. Nadr Muhammadxonning 12 o‘g‘li bo‘lganligi ma’lum.
1894 yil (bundan 131 yil oldin) – Turkiston general-gubernatorining maxsus buyrug‘iga binoan Samarqand va Buxoro suv taqsimoti doimiy komissiyasi tashkil etildi.
1987 yil (bundan 38 yil oldin) – O‘zbekistonda Amir Temur to‘g‘risida iliq so‘z aytish “ayb”, hatto “jinoyat” hisoblangan bir paytda Parijda Temuriylar davri tarixi va san’atini o‘rganish va fransuz-o‘zbek madaniy hamkorligi uyushmasi tuzildi. Bu uyushma Amir Temur va Temuriylar davri tarixi va madaniyatini targ‘ib qilish borasida dunyoda birinchi tuzilgan jamoat tashkilotidir. Uning asosiy maqsadi Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismi, Sharq va G‘arb madaniyatlarining chorrahasi bo‘lmish Markaziy Osiyo tarixi, xususan Temuriylar Uyg‘onish davri, va uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan keng fransuz jamoatchiligini tanishtirishdan iborat.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Musodara qilingan, egasiz mol-mulkni, vorislik huquqi bo‘yicha davlat ixtiyoriga o‘tgan mol-mulkni va xazinalarni hisobga olish, baholash va sotish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan o‘zbek madaniyatini yuksaltirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni amalga oshirishdagi faol ishtiroki, fidoyiligi, yangicha tafakkurni shakllantirish hamda xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitish yo‘lidagi samarali xizmatlari uchun Ozod Sharafiddinov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – Toshkent davlat konservatoriyasi (hozirgi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi)ning yangi binosi foydalanishga topshirildi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi