Kelajak kutayotganlarniki emas, yaratayotganlarniki
Insonni tanitish uchun ba’zan uzun ta’riflar shart emas. Bir necha daqiqa suhbat kifoya — u insonning qanday fikrlashi, nimani orzu qilishi va nima uchun yashashini anglatib qo‘yadi. Muhsina Jo‘raboyeva bilan muloqotda ham shuni his qilasiz: u gapirganda shoshilmaydi, so‘z tanlaydi, har bir fikrni yuragida pishitib, so‘ng bayon etadi.
Bu holat tasodif emas. Bu — o‘z ustida ishlash, izlanish va mas’uliyatni erta anglash natijasi. Uning gaplarida balandparvozlik yo‘q, lekin mazmun, natija bor.
Jizzaxning Paxtakor tumanida ulg‘aygan Muhsina uchun ilm tanlov emas, ehtiyojga aylangan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetidagi tahsil yillari bu ehtiyoj yanada kuchaydi . Bu yerda ustozlaridan o‘rganganlari keyinchalik uning hayotida juda asqotdi. Hatto talabalik yillaridayoq “Yil talabasi” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi, “Ilhom” mukofotiga sazovor bo‘ldi va davlat granti sohibi sifatida e’tirof etildi.
Bugun u shu maskanda faoliyat yuritar ekan, kechagi o‘zi kabi izlanayotgan yoshlarga yo‘l ko‘rsatishni o‘z burchi deb biladi. U boshlagan “Qizlar akademiyasi”, “Geofakt”, “Yosh sayyohlar” kabi loyihalar ortida shunchaki tashabbus emas, aniq ehtiyojni his etish yotadi. U yoshlar bilan ishlashda ularga tayyor javob berishga shoshilmaydi — aksincha, ularni o‘ylashga, izlanishga undaydi. Shuning uchun ham uning atrofidagilar faqat ishtirokchi emas, fikrlaydigan, o‘z yo‘lini izlayotgan insonlarga aylanadi.
Ijod — Muhsinaning ichki ehtiyoji. U ko‘pincha tilda aytilmagan tuyg‘ularini she’rda aks ettiradi. Aytish qiyin bo‘lgan holatlar, qalbda og‘irlik qilib turgan hislar uning satrlarida o‘z ifodasini topadi. “Orzular osmoni”, “Tuyg‘ular jaranggi” to‘plamlarini o‘qigan kishi bu satrlarda jimjimadorlik emas, hayot tajribasi, ruhiy izlanish va samimiyat borligini anglaydi. Uning ayrim ijod namunalari xalqaro to‘plamlarda chop etilib, dunyo o‘quvchilariga ham yetib borgani ham buning yaqqol isbotidir.
Muhsina uchun ilm raqamlar yoki nazariyalar majmuasi emas. Uningcha, ilm — insonni anglash, tabiat bilan muloqot qilish va kelajak oldida javobgarlikni his etishdir. Turizm va hududiy rivojlanishga bag‘ishlangan tadqiqotlarida ham u faqat natija emas, mazmun, mantiq izlaydi.
– Ilmiy va ijodiy ishlarimning xorijda ham e’tirof etilishi men uchun nafaqat sharaf, balki mas’uliyat hamdir, – deydi Muhsina Jo‘raboyeva. – Jumladan, “The Song of Feeling” (“Tuyg‘ular qo‘shig‘i”) va “Dorilfununga” kabi ishlarim dunyo ilmiy jamoatchiligiga taqdim etildi. Ayniqsa, “Erkin Vohidov” nomli asarimning turli mamlakatlarda chop etilgani menga yanada ko‘proq izlanish kerakligini anglatdi. Chunki ilm — to‘xtashni emas, doimiy harakatni talab qiladi.
Muhsina muvaffaqiyatni manzil deb bilmaydi. Uning uchun har bir yutuq — yangi savol, yangi mas’uliyat. Balki shuning uchun ham u to‘xtab qolmaydi. Chunki u bir narsani yaxshi anglagan: haqiqiy yutuq — bu erishilgan natija emas, balki to‘xtamay davom etayotgan yo‘ldir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA