Murojaatlar bilan ishlashda yangi bosqich
Prezident topshiriqlari ijrosiga qaratilgan amaliyot
Jizzaxda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi butunlay yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endi har bir murojaat — faqat rasmiy hujjat emas, balki davlat va fuqaro o‘rtasidagi samarali muloqotning bir qismi sifatida ko‘rib chiqiladi.
Mamlakatimizda aholi bilan ochiq muloqot, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolarni manzilli hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu esa fuqarolarning hayotiy muammolarini samarali tarzda hal qilishga xizmat qiladi.

Joriy yilning 13-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddi idoralar va hokimliklarga “Xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish” vazifalari berildi. Bu tadbir mamlakatdagi murojaatlarni barvaqt va sifatli hal qilish uchun yangi mexanizmlar yaratishga qaratilgan eng muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Jizzax viloyatida ham bu yo‘nalishda tizimli ishlar boshlandi. Viloyat hokimligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish va kelgusidagi vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev va Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimovlar seminarda so‘zga chiqishdi.
Seminar videoselektor tarzida o‘tkazildi va unda Xalq qabulxonalari bosh mutaxassislari hamda viloyat va tumanlar tashkilotlari mas’ul xodimlari ishtirok etishdi. Maqsad — Prezident belgilagan vazifalarni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish va aholi murojaatlari bilan ishlashda Qarshi shahar tajribasini o‘rgatish, shuningdek mutasaddi tashkilotlar vazifalarini aniq belgilash edi.

Mazkur seminar aholi dardini tinglash, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli hal etish hamda hududlardagi muammolarni barvaqt aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, tizimli yondashuv orqali kelgusidagi ustuvor vazifalar ham belgilab olinadi.
Jizzaxda joriy etilayotgan yangi tizim, fuqarolarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash va davlat xizmatlarini samarali tashkil etishga qaratilgan. Endilikda har bir murojaat — e’tibor va natija bilan kafolatlanadigan jarayonga aylanmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA