Mahalla tizimi xodimlari taqdirlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillari Prezidentimiz boshchiligida aholi turmush sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, joylardagi muammolarga ijobiy yechim topish, mahalla institutini takomillashtirish, uning tizimli faoliyat olib borishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida qayd etilganidek, bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.
Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qabul qilingan mahalla infratuzilmasini yanada takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘larini qo‘shimcha ravishda shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning (noturar joylar bo‘yicha undiriladigan mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) 15 foizi, mahalla hududida sanitariya, noqonuniy qurilish bo‘yicha undiriladigan jarimalarning 10 foizi mahalla hududidagi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, piyodalar yo‘lakchalarini barpo etish va ta’mirlash, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatishga yo‘naltiriladi.
Haqiqatdan ham, bugungi kunda mahalla institutining jamiyatimizdagi roli ortib bormoqda. Chin ma’noda xalqimiz bilan tig‘iz ishlaydigan jamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida soha xodimlari mashaqqatli, shuning bilan birga sharafli vazifani bajarib kelmoqda.
[gallery-28308]
Tantanali tadbir davomida o‘zlarining yuqori natijalari va sermahsul faoliyati bilan ajralib kelayotgan soha vakillari bayram munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoni asosida orden va medallar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va O‘zbekiston mahallalar uyushmasi tomonidan ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Tadbir san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.