Farida Afro‘zning yangi kitoblari taqdimoti o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ustoz shoira Farida Afro‘zning «Tanlangan asarlar» va «Shuur» nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
She’riyat muxlislari jam bo‘lgan mazkur adabiy tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi. Shuningdek, taqdimot Zoom platformasi orqali mamlakatimizning turli hududlaridagi adabiyot ixlosmandlarini ham birlashtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, taniqli shoira va ma’naviyat targ‘ibotchisi, «Shuhrat» medali sohibasi Gulchehra Shahobiddin qizi, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev hamda boshqalar milliy she’riyatimiz taraqqiyotida ayol ijodkorlarning munosib o‘rni va hissasi borligini ta’kidladi.

– Farida Afro‘zning yangi kitoblari taqdimoti mamlakatimizda Yoshlar kuni keng nishonlanayotgan ayni shu quvonchli kunlarda o‘tkazilayotgani ayniqsa ahamiyatli, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Yoshlarga qaratilayotgan e’tibor doirasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Farida Afro‘z o‘zining betakror ovozi, nafis va yuksak badiiy saviyadagi she’rlari bilan zamonaviy o‘zbek she’riyatida alohida o‘rin egallaydi. Bu kabi ijodkorning mavjudligi barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi.

– «Tanlangan asarlar» kitobidan shoiraning turli yillarda yaratgan eng sara she’rlari, qissa, esse va tarjimalari o‘rin olgan, – dedi Gulchehra Shahobiddin qizi. – Ushbu asarlar samimiyati, nafosati va yuksak badiiy qimmati bilan kitobxonlar mehrini qozonishi shubhasiz.

Taqdimot davomida Farida Afro‘zning hayoti va ijod yo‘li, milliy adabiyot hamda ma’naviyatimiz ravnaqiga qo‘shgan munosib hissasini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.
So‘zga chiqqan ustoz ijodkorlar shoiraning zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, uning she’riyatidagi badiiy tafakkur, insonparvarlik, vatanparvarlik va yuksak ma’naviy qadriyatlarning ifodasi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri