Boyovutlik Bektosh «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
Jasorat bir kunda shakllanmaydi. U oilada singdirilgan tarbiya, hayot sinovlari, mehnatsevarlik va Vatanga muhabbat tuyg‘usi bilan yillar davomida sayqal topadi. Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida ulg‘aygan kichik serjant Bektosh Musurmonqulovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘lishi ana shu hayotiy haqiqatning yorqin tasdig‘idir.
30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz taraqqiyoti, yurt xavfsizligi va jamiyat hayotining turli sohalarida yuksak natijalarga erishgan bir guruh faol yoshlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondonligi tarkibidagi harbiy qismning tog‘-ishg‘ol guruhi mutaxassisi, kichik serjant Bektosh Musurmonqulovning ham borligi sirdaryoliklar uchun alohida faxr bag‘ishladi.
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilimli, tashabbuskor, jasur, fidoyi va yuksak fuqarolik pozitsiyasiga ega, mehnati va ibratli faoliyati bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan yoshlarga beriladi. Bu yuksak e’tirof nafaqat erishilgan yutuqlar, balki davlatning yoshlarga bo‘lgan ishonchi va e’tiborining ham ifodasidir.
Bektosh Musurmonqulov 1998-yil Boyovut tumanidagi Boboyurt qishlog‘ida mehnatsevar oilada tug‘ildi. Otasi Qodirberdi Musurmonqulov uzoq yillar dehqonchilik qilib, farzandlarini halol mehnat, kamtarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyaladi. Onasi Sharofat Yo‘lchiyeva esa farzand tarbiyasini hayotining mazmuniga aylantirgan fidoyi ayollardan.

Bu xonadonda Vatanga muhabbat, mehnatga hurmat va elga sadoqat eng oliy qadriyat sifatida shakllangan. Katta akasi Umidjonning ham harbiy xizmatni tanlagani bu qadriyatlarning amaldagi ifodasidir.
Bektosh yoshligidan bosiq, intizomli va tirishqoqligi bilan ajralib turgan. Maktab yillaridayoq sport bilan muntazam shug‘ullanishi, jismoniy tayyorgarlikka jiddiy e’tibor qaratishi hamda harbiy kasbga qiziqishi uning kelajakdagi tanlovini belgilab berdi.
2017-yilda Boyovut sanoat va agroservis kasb-hunar kollejini tamomlagach, u Vatan himoyasidek sharafli yo‘lni tanladi. 2019–2020-yillarda muddatli harbiy xizmatni o‘tash davomida intizomi, jasorati va mas’uliyati bilan qo‘mondonlar ishonchini qozondi. Keyinchalik xizmatini shartnoma asosida davom ettirib, Sharqiy harbiy okrugning parashyut-desant bo‘linmalari va maxsus tayinlangan harbiy qismlarda xizmat qildi.
Bugungi kunda u Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondonligi tarkibidagi harbiy qismning tog‘-ishg‘ol guruhi mutaxassisi sifatida xizmat qilmoqda. Bu bo‘linmada xizmat qilish kuchli jismoniy tayyorgarlik, mustahkam iroda, tezkor fikrlash va har qanday vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab etadi.
Uning kasbiy mahorati xalqaro maydonda ham munosib e’tirof etildi. 2023 va 2025-yillarda Koreya Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro armiya musobaqalarida O‘zbekiston harbiylari sharafini munosib himoya qilib, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shdi.

— Bu yuksak e’tirofni shaxsiy muvaffaqiyatim emas, balki men bilan bir safda xizmat qilayotgan barcha harbiylar mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman. Vatanga xizmat qilish men uchun kasb emas, hayotimning mazmuni. Yurtimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilishdan ortiq sharaf yo‘q, — deydi Bektosh Musurmonqulov.
Qahramonning otasi Qodirberdi Musurmonqulov ham bugungi mukofotni oila uchun katta baxt deb hisoblaydi.
— Biz farzandlarimizni boylikka emas, halollik, mehnatsevarlik va mas’uliyatga o‘rgatdik. Bektosh hamisha zimmasiga yuklangan vazifani sidqidildan bajaradigan farzand bo‘lib ulg‘aydi. Bugungi e’tirof uning ko‘p yillik mehnati va intilishlarining munosib samarasidir, — deydi u.
Onasi Sharofat Yo‘lchiyevaning fikrlarida esa har bir onaning mehri va faxri mujassam.
— Har safar xizmatga kuzatar ekanman, uni Yaratgandan omon saqlashini so‘rab duo qilardim. Bugun o‘g‘limning xalq va Vatan ishonchiga munosib inson bo‘lib yetishganini ko‘rib, behad shukr qilaman. Ona uchun farzandining yurt xizmatida bo‘lishi eng katta baxt va faxrdir, — deydi u.
Yangi O‘zbekistonda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti ana shu ezgu siyosatning amaliy natijasidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri