O‘zbekistonning MDHdagi faol ishtiroki: mehnat sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘tayotgan MDHga a’zo davlatlar Doimiy vakolatli vakillari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston mehnat va ijtimoiy himoya sohasida erishilgan muhim natijalarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola qildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev MDHga a’zo davlatlarning mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha Maslahat kengashining 2023-2025-yillardagi faoliyati yakunlari haqida ma’ruza qildi.
Hisobot davrida Maslahat kengashi doirasida 3 ta yig‘ilish o‘tkazilib, 53 ta dolzarb masala muhokama qilingani hamda 9 ta ishchi guruh tashkil etilgani hamkorlikning izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Bu raqamlar davlatlar o‘rtasida mehnat munosabatlarini takomillashtirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida tizimli yondashuv shakllanganidan dalolat beradi.
Faoliyatning eng muhim natijalaridan biri MDHning umumiy mehnat bozorini shakllantirish konsepsiyasining tasdiqlanganidir. Bu hujjat kelgusida mehnat resurslarining erkin harakatlanishi, mehnat munosabatlarini muvofiqlashtirish va ishchi kuchining huquqlarini yanada samarali ta’minlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, mehnatni me’yorlashtirish, ish o‘rinlarida zamonaviy standartlarni joriy etish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham yuqori baholandi. Bu esa ijtimoiy himoyaning inklyuziv modeliga o‘tish va mehnat bozorida barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Marat Jo‘rayevning MDH Ijroiya qo‘mitasi Bosh kotibi Sergey Lebedev bilan o‘tkazgan uchrashuvi ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Suhbat davomida mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.
E’tiborli jihati shundaki, 2025-yil oktabridan buyon Maslahat kengashiga O‘zbekiston raislik qilib kelmoqda. Bu davr mobaynida Toshkent shahrida Kengashning 38-yig‘ilishi muvaffaqiyatli tashkil etildi, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yig‘ilishlar jadvali tasdiqlandi va Kengashning rasmiy emblemasi ta’sis etildi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning MDH doirasidagi institutsional islohotlar va hamkorlikni mustahkamlashda faol ishtirok etayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Ayni paytda Doimiy vakolatli vakillar Kengash qaror loyihasini ko‘rib chiqmoqda hamda Maslahat kengashining 2023–2025-yillardagi faoliyatiga yuqori baho bermoqda. Bu esa O‘zbekistonning raisligi davrida amalga oshirilgan tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki butun MDH makonida mehnat siyosati va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga munosib hissa qo‘shganini anglatadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA