Davlat soliq qo‘mitasi hududlarni “mahallabay” o‘rganmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi Ishchi guruhi tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanida “mahallabay” asosida ish tashkil etildi.
Tumanning Qizilqiyot mahallasining Terakqator ko‘chasida yashovchi aholisi yozda chang, kuz-qish oylarida loy yo‘llarda qiynalar edi. Ayni paytda bu hududdagi qariyb bir kilometr yo‘l Yangiqo‘rg‘on tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan tekislanib, shag‘allash ishlari olib borilmoqda.


Shuningdek, viloyat “Elektr qishloq qurilish” aksionerlik jamiyatiga qarashli 11-mexanizatsiyalashgan jamlanmasi ishchilari Qorayantoq mahallasidagi “Yumaloqtepa” ko‘chasida aholi xonadonlari uchun yuzdan ortiq zamonaviy elektr ustunlarini o‘rnatayotir.
Tuman markazidan ancha olis manzilda joylashgan Nanay qishlog‘ining “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida esa elektr ta’minoti korxonasining “Nanay ustachilik bo‘limi” xodimlari tomonidan aholining elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida yangi elektr taqsimlovchi qurilma foydalanishga topshirilish arafasida.


Sutlibuloq mahallasidagi Sohibkor ko‘chasi, 76-uyda istiqomat qiluvchi, 2001 yilda tug‘ilgan Noila Qozoqova “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan. Sababi, u oila ta’minotchisi, ya’ni otasidan erta ajralgan. Uch singlisi va bir nafar ukasi bilan onasining qaramog‘ida. Bu esa, Noilani hayot qiyinchiliklari oldida yanada sabrli, matonatli bo‘lishga undadi.
Noila oilada katta farzand bo‘lgani sababli onasining yoniga kirdi. Dastavval, davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i mas’ul bo‘lgan tuman to‘rtinchi sektor rahbari va mahalla fuqarolar yig‘ini ko‘magida tuman Bandlikka ko‘maklashish markazida jamoatchilik asosida ishga joylandi. Bu orada tikuvchilik bo‘yicha uch oylik kursni ham tamomladi. Ayni damda unga imtiyozli kredit asosida tikuv mashinasi berilishiga ko‘maklashildi.

– Imtiyozli kredit asosida berilgan tikuv mashinasidan unumli foydalanib, o‘quv jarayonida o‘rgangan bilim va ko‘nikmalarimni amaliyotda qo‘llab, oilamga qo‘limdan kelganicha yordam beraman, – deydi Noila Qozoqova. – Berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozim. Hovlimizda yaxshi niyatlar bilan issiqxona ham tashkil etilmoqda. Albatta, bu oilamizning daromadi oshishiga, hayot tarzimizning yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Davlat soliq qo‘mitasi Ishchi guruhining Namangan viloyatidagi qishloq va mahallalarda uch pog‘onali tizim asosida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlaridan ko‘zlangan pirovard maqsad ham aholi, odamlarni ertaga emas, bugun hayotdan rozi yashashlarini ta’minlashdan iborat.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA