Tibbiyotning dolzarb muammolari yosh olimlar muhokamasida
Andijon davlat tibbiyot institutida “Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv” mavzusida respublika yosh olimlar va iqtidorli talabalar ilmiy-amaliy anjumani hamda “Andijon – 2026” II xalqaro fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda mamlakatimiz va qator xorijiy davlatlar tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari, yosh olimlari, magistr va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.
Anjumanni Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madaminjon Madazimov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda tibbiyot sohasida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikning ahamiyati tobora ortib borayotganligini ta’kidladi. Jumladan, o‘tkazilayotgan anjuman yurtimizda yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, xalqaro tajribalar bilan tanishtirish hamda xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishini aytib o‘tdi.


Shundan so‘ng anjuman ishi “Klinik tibbiyotning dolzarb masalalari”, “Xirurgiya va stomatologiyada zamonaviy texnologiyalar”, “Nazariy tibbiyot: farmakologiya va jamoat salomatligi” kabi uchta yo‘nalish bo‘yicha seksiyalar doirasida davom etdi.
Har bir seksiya mashg‘ulotlarida yosh olimlarning taqdimotlari, ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Taqdimot va ma’ruzalar bo‘yicha munozaralar, savol-javob, muhokamalar o‘tkazildi. Yurtimiz, shuningdek, qirg‘izistonlik, qozog‘istonlik, tojikistonlik olim va mutaxassislar, ishtirokchilar tomonidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Taqdimot va ma’ruzalarning o‘ziga xos jihatlari, yutuq va kamchiliklari nufuzli hakamlar hay’ati, mutaxassislar tomonidan tahlil qilib borildi.


– Anjumanda iqtidorli talabalar, yosh olimlar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha yuqori bilim va yuksak salohiyatga ega ekanliklarini namoyish etdi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasi mudiri, professor Sojida Artiqova. – Ishonch bilan ayta olamanki, ushbu yoshlar kelajakda tibbiyot fani rivojini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shadilar.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan “Andijon – 2026” II xalqaro fan olimpiadasida mamlakatimizdagi, shuningdek, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston singari qator xorijiy davlatlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 150 nafardan ortiq iqtidorli talaba tibbiy yo‘nalishdagi 10 dan ortiq tibbiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi.


Yakunda barcha fan yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, anjumanning faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.