Yevropa tajribasi asosida bozor nazoratining yangi yondashuvlari taqdim etildi
Toshkentda Yevropa Ittifoqining TAIEX (Texnik yordam va axborot almashinuvi vositasi) dasturi hamkorligida “Bozor nazorati: Yevropa tajribasi” mavzusida seminar o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir mamlakatimizda bozor nazorati tizimini takomillashtirish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash va xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari hamda yuzlab tadbirkorlar onlayn formatda ishtirok etmoqda.

TAIEX Yevropa Ittifoqining davlat boshqaruvi va institutsional salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan muhim texnik ko‘mak dasturlaridan biri hisoblanadi. Ushbu mexanizm orqali davlat idoralariga Yevropa qonunchiligi talablarini milliy qonunchilikka uyg‘unlashtirish va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ekspertlik yordami ko‘rsatiladi.

Seminar doirasida mahsulotlar bozorga chiqarilganidan keyin ularning xavfsizligini ta’minlash, inson hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, atrof-muhitga salbiy ta’sirlarning oldini olishga qaratilgan bozor nazorati tizimining asosiy tamoyillari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati hamda mazkur sohada qo‘llanilayotgan ilg‘or Yevropa tajribalari yuzasidan fikr almashilmoqda.

Tadbirda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida nooziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilish mexanizmlari, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarni qisqartirish, mahsulot sifati uchun mas’uliyatni ishlab chiqaruvchilar zimmasiga yuklash kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bozor nazoratining zamonaviy tizimi mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash bilan birga, halol raqobat muhitini shakllantirish, iste’molchilar ishonchini mustahkamlash va mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasini xalqaro standartlar va Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati ham keng muhokama qilinmoqda.
Seminar ishtirokchilari bozor nazorati sohasidagi islohotlarning biznes muhitiga ta’siri, ularning amaliy natijalari hamda xalqaro tajribani milliy tizimga samarali joriy etish istiqbollari xususida fikr almashib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA