O‘zbekistonda gaz qozonlarini sinovdan o‘tkazuvchi ilk zamonaviy laboratoriya ish boshladi
O‘zbekistonda energiya samaradorligi va mahsulotlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim loyihalardan biri amalga oshirildi. O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida UNG PETRO kompaniyasi bilan hamkorlikda gazsimon yoqilg‘ida ishlaydigan zamonaviy isitish qozonlarini sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur laboratoriya mamlakatimizda birinchi marta gazsimon yoqilg‘ida ishlaydigan isitish qozonlarining xavfsizlik, energiya samaradorligi va ekologik ko‘rsatkichlarini kompleks baholash imkonini beruvchi zamonaviy sinov bazasi sifatida tashkil etildi.

Bugungi kunda tabiiy gaz aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Yangi laboratoriyada isitish qozonlarining texnik xususiyatlari, xavfsizlik darajasi, energiyadan foydalanish samaradorligi va atrof-muhitga ta’siri xalqaro standartlar hamda texnik reglamentlar talablari asosida baholanadi. Xususan, mahsulotlarning gaz sarfi, issiqlik unumdorligi, avtomatik boshqaruv tizimlari, favqulodda holatlarda himoya funksiyalari va chiqindi gazlar ko‘rsatkichlari maxsus sinovlar orqali aniqlanadi.
Ushbu laboratoriyaning ishga tushirilishi ichki bozorda muomalaga chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va xavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish bilan birga, aholiga ishonchli va sifatli mahsulotlarni yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yana bir muhim jihat shundaki, laboratoriya Yevropa standartlari talablariga muvofiq sinovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega. Bu orqali energiya samaradorligi past, texnik va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning ichki bozorga kirib kelishining oldi olinadi.
Shuningdek, mazkur sinov bazasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi. Endi korxonalar o‘z mahsulotlarini xalqaro talablar asosida baholash, muvofiqlik darajasini aniqlash va eksport bozorlariga chiqish uchun zarur bo‘lgan texnik asoslarga ega bo‘ladi. Bu esa milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy laboratoriyaning faoliyat boshlashi mamlakatimizda sifat infratuzilmasini rivojlantirish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro talablar asosida takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Ushbu tashabbus nafaqat iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, balki mahalliy sanoatning texnologik rivojlanishi va eksport imkoniyatlarini kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA