Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida joylashtirishning muqobil shakliga olingan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilaridan iborat 624 nafar bolaning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollaridan mablag‘ o‘tkazildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur ko‘mak chorasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda munosib turmush sharoitlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qarshi shahrida yashovchi Shirina Xurramovaning aytishicha, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor yoshlarning ta’lim olishi, kelajakda o‘z o‘rnini topishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

– Avval omonat hisobvarag‘imizga mablag‘ ajratilgan edi. Qurbon hayiti munosabati bilan yana qo‘shimcha mablag‘ o‘tkazilgani biz uchun katta quvonch bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlarni chuqur his qilamiz. Kelgusida yaxshi mutaxassis bo‘lib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga harakat qilaman, — deydi u.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi va mustaqil hayotga tayyorlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA