Turizm: hududlarda infratuzilma jadal rivojlantiriladi
“Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–161-son, 30.04.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Jozibador manzil – loyiha – infratuzilma – tadbirkor – targ‘ibot – sayyoh” zanjiri bo‘yicha loyiha boshqaruvi asosida 34 ta turizm ob’ektining master rejasi ishlab chiqiladi.
31 ta turizm ob’ektining faoliyati tashkil etiladi hamda rivojlantiriladi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi respublika yoki mahalliy darajadagi barcha turdagi turistik zonalar va turistik klasterlar direksiyalari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiruvchi muassasa hisoblanadi.
2026-yil 1-iyundan Turizm qo‘mitasi tomonidan bosqichma-bosqich turistlar tashrif buyuruvchi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini belgilash va mumkin bo‘lgan hollarda ko‘p qavatli binolarni joylashtirish orqali ularning hududlarini kengaytirish hamda ulardan foydalanish uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi.
Turizm sohasini barqaror va kompleks rivojlantirish maqsadida loyihalarni amalga oshirishda davlat organlari, tadbirkor va investorlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ta’lim va ekspert tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlovchi “davlat – biznes – jamoatchilik – ta’lim” (Quattro) tizimi joriy etiladi.
2027-yildan yiliga 2-marta Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sayyohlar o‘rtasida tanlanma kuzatuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
O‘zA