Orolbo‘yining turistik salohiyatini oshirishdagi yutuqlar va istiqbollar
So‘nggi yillarda xorijiy sayyohlarning Orolbo‘yiga qiziqishi ortib bormoqda. Bu borada hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev bilan suhbatlashdik.
– Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda jami 299 madaniy meros va ziyorat ob’ekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 131 arxeologik ob’ekt, 24 arxitektura ob’ekti, 99 ta monumental ob’ekt va 45 ta diqqatga sazovor joylardir. Jumladan, 40 dan ortiq madaniy meros ob’ekti turizm yo‘nalishiga kiritilgan. Shuningdek, 2021-yilda hududda 56 ta joylashtirish o‘rni, 42 ta turoperator hamda turfirma faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib joylashtirish o‘rinlari soni 108 taga, turoperator hamda turagentlik sub’ektlari soni 100 taga yetdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda Orolbo‘yiga kelayotgan xorijiy sayyohlarning yuqori o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘istonga 2018-yilda 347 ming mahalliy, 82 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, o‘tgan 2025-yilda bu ko‘rsatkich 2 million 65 ming nafar mahalliy, 405 ming nafar xorijiy sayyohni tashkil etdi. 2026-yilning I choragida esa 497 ming nafar mahalliy va 44 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.
– Orolbo‘yida soha xodimlariga qanday imtiyoz va imkoniyatlar berilgan, shuningdek, sayyohlarga yaratilgan sharoitlar talabga javob beradimi?
– Davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istondagi turoperatorlarga imtiyoz asosida ekstremal turizmni tashkil etish uchun “yo‘lovchilar”ning import boji va utilizatsiya yig‘imining amaldagi stavkasining 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘istonda uch yulduzli darajaga aylantirilgan mehmonxonaga subsidiya ajratish tizimi mavjud. Shu asosda bugungi kunda 5 tur-operator tomonidan 18 dona yo‘l tanlamas avtotransport olib kelinib, 1 yarim milliard so‘mlik bojxona to‘lovidan imtiyoz olindi.

Qolaversa, Qoraqalpog‘istonda 3 ta mehmonxonaga 3 yulduz toifasi berilgan bo‘lsa, 1 ta mehmonxonaga 5 yulduz toifasi berildi. Shular qatorida, so‘nggi 2 yil ichida sayyohlar uchun 10 dan ortiq dam olish maskani tashkil etildi. Xususan, Mo‘ynoq tumanida hozirgi Orol dengizi bo‘yida Sayyohlar dam olish maskani, Ellikqal’ada “Aqchako‘l” bo‘yida turizm rekreatsion hududi hamda Nukus shahrida “Ashshiko‘l” bo‘yida turizm etno ovuli tashkil etildi. 2024-2025-yillarda Qoraqalpog‘istonda turizm sohasi bo‘yicha umumiy miqdori 400,1 milliard so‘mlik 94 investitsiya loyihasi amalga oshirildi hamda 349 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, Nukus shahrida dunyodagi eng katta “Qora uy”ning qad rostlagani va “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritildi. Qolaversa, Taxtako‘pir tumanida foydalanishga topshirilgan “Qorateran” etnoturistik majmuasi va “Tax-tepa” etno-ovuli bugungi kunda xalqimizning fayzli dam oladigan maskanlaridan biriga aylandi.
– Kelgusida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalsangiz?
– Turizm ob’ektlarini tashkil etish yo‘nalishida Qorateran ko‘li atrofida 70 gektar maydonda hamda Ellikqal’a tumani Aqchako‘l bo‘yida 127 gektar maydonda barcha qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, Qorao‘zak va Amudaryo tumanlarida joylashgan Shayx Jalil bobo ziyoratgohi va “Amudaryo-Qoratov” turizm majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlari rejalashtirilmoqda.

Hududning turizm salohiyatini xorijiy ommaviy axborot vositalarida targ‘ib qilish maqsadida bir qator ijodkorlarning Qoraqalpog‘istonga tashrifi tashkil etildi. Xususan, Buyuk Britaniyaning “Sandstone Global” kompaniyasi hamda “Studio Lambert” mediakompaniyasi, “Holiday Magazine” nashri jurnalisti, “Euronews” telekanali suratga olish guruhi tashrif buyurib, ularga diqqatga sazovor joylar, hududning turmush tarzi, tarixi va sayyohlik salohiyati namoyish etildi. O‘rta Osiyo bo‘yicha turizm sohasi ekspertlari Sofi Ibbotson hamda Stefani Adams tomonidan “Qoraqalpog‘iston” turistik qo‘llanmasi ishlab chiqildi.
Albatta, joriy yilda ham hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirish belgilab olingan. Joriy yilda hududga ichki sayyohlar sonini uch million nafarga, xorijiy sayyohlar sonini 500 ming nafarga, turizm eksporti hajmini 56 million AQSH dollarga va joylashtirish o‘rinlarini 120 taga yetkazish reja qilingan.



O‘zA muxbiri Dovud Abibullayev suhbatlashdi.