Samarqandda “Ipak yo‘li” davlat muzeyi tashkil etiladi (+video)
Bu haqda Prezidentimizning shu yil 21-aprel kuni qabul qilingan qarorida belgilandi. Bundan avvalroq, ya’ni 16-aprel kuni davlatimiz rahbari madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishuvi chog‘ida Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” muzeyini barpo etish rejasini ko‘rib chiqqan edi. Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, ushbu muzey shaharning tarixiy Ko‘ksaroy maydoni hududida barpo etiladi va uning ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy san’at, amaliy san’at materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlarni birlashtiradi.
Qarorda Samarqand shahri Ko‘ksaroy maydoni 2-uy manzilida joylashgan Samarqand viloyati hokimligining avtoxo‘jaligi binosi hamda unga tutash bo‘lgan hudud bilan birgalikda jami 9 gektar yer uchastkasi muzey binosini qurish uchun Madaniy meros agentligiga davlat mulki sifatida operativ boshqarish huquqi asosida bepul berilishi belgilangan. Shuningdek, “Ipak yo‘li” davlat muzeyini tashkil etish bo‘yicha 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Mazkur dasturga ko‘ra, 2026-2028-yillarda qurilish, malakali xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda, muzeyning ilmiy konsepsiyasi va tematik-ekspozitsion rejasini ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi. Muassasa 2029-yildan faoliyat boshlashi nazarda tutilgan.

– Samarqandda yangi – “Ipak yo‘li” muzeyi tashkil etilishini xalqimiz, ayniqsa, biz muzey xodimlari juda katta quvonch bilan qabul qildik, – deydi “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Safura Ro‘zimurodova. – Bu bejiz emas, albatta. Chunki Samarqand qadimiy Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan nafaqat savdo-sotiq, balki ilm-fan, madaniyat va san’at rivojlangan tarixiy shahar hisoblanadi. Shu jihatdan shahar dunyo sivilizatsiyasi rivojida muhim o‘rin tutadi. Buni yurtimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan tarixiy manbalar, arxeologik tadqiqotlar jarayonida to‘plangan ma’lumotlar va topilgan ashyolar ham tasdiqlaydi. Ana shu qadimiy topilmalar, arxeologik, numizmatik va etnografik ashyolarning to‘planishi bilan Samarqandda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida muzeylar shakllana boshlagan. Biz faoliyat ko‘rsatayotgan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining shakllanishi ham ana shu davrga borib taqaladi. Bugungi kunda muzey-qo‘riqxona tarkibidagi muassasalarda 250 mingga yaqin noyob osori-atiqalar, tarixiy, madaniy, badiiy manbalar va ashyolari saqlanadi. Bu boy manba yangi tashkil etilayotgan “Ipak yo‘li” davlat muzeyining tashkil etilishiga asos bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Lekin muzey ekspozitsiyasiga nafaqat muzey-qo‘riqxonamizdagi, balki xorijiy davlatlardagi muzeylar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan yurtimiz tarixi va madaniyati bilan bog‘liq noyob ashyolar, tarixiy manbalarning faksimil nusxalari, mulyajlari, madaniy merosimizning artifaktlarini olib kelish rejalashtirilgan. E’tiborlisi, yangi muzey Samarqandning tarixiy qismida, qaysiki ikkinchi Renessans davrida shaharning asosiy markazi bo‘lgan hududda bunyod etilishida ham katta ramziy ma’no bor. Zero bu maskan ayni paytda Samarqandning asosiy sayyohlik markazi, Amir Temur va Temuriylar davri obidalari joylashgan hudud hisoblanadi. Bu ushbu tarixiy hudud bilan muzeyni uyg‘unlashtiradi, xalqimiz va xorijlik sayyohlar uchun muhim turizm ob’ekti, madaniyat, ma’rifat maskani bo‘ladi.
Chora-tadbirlar dasturida, shuningdek, muzey fondini Markaziy Osiyo hududida Buyuk ipak yo‘lining shakllanishi, rivojlanishi va jahon tamadduniga ta’sirini yorituvchi madaniy boyliklar bilan boyitish, ularni malakali chet ellik va mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda, restavratsiya va konservatsiya qilish, Buyuk ipak yo‘lining shakllanishi, rivojlanishi va jahon tamadduniga ta’sirini yorituvchi arxiv hujjatlari, noyob kitob va qo‘lyozmalarni ilmiy tadqiq qilish va raqamlashtirish belgilangan.

Yangi muzey uchun bugungi kun talablariga mos tarzda multimedia mahsulotlari, xususan, VR, immersiv videoroliklar va hujjatli filmlar ishlab chiqiladi, sayt yaratilib, unda muzey faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar yoritib boriladi. Muzeyning xorijiy davlatlardagi muzey, arxiv, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda mutaxassislar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi.
– “Ipak yo‘li” muzeyining tashkil etilishi xalqimizning bir necha ming yillik boy tarixini o‘rganish va keng targ‘ib etish nafaqat Samarqand, balki yurtimizda turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi Samarqand shahridagi “Afrosiyob” muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – Davlatimiz rahbarining mazkur muzey loyihasi bilan tanishib, uni tasdiqlangani, bu haqda alohida qaror qabul qilingani kishiga o‘zgacha g‘urur paydo qildi. To‘g‘risini aytishimiz kerak, shu paytgacha Samarqandda bugungi kun talablariga mos, zamonaviy yaxshi bir muzey yo‘q edi. O‘n yillar oldin Registon maydoni yaqinidagi, ancha eskirib qolgan muzey boshqa joyga ko‘chirilganidan so‘ng, yangi muzey qurilishi aytildiyu bu ishni amalga oshirish ancha cho‘zilib ketdi. Mana endi har tomonlama puxta o‘ylangan loyiha asosida “Ipak yo‘li” degan nom bilan yangi muzey tashkil etilishi va uning tarixiy Ko‘ksaroy maydoni hududida qurilishining o‘zi biz uchun katta faxr. Muzeyga arxeologiya, tasviriy san’at, amaliy san’at materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlar qo‘yilishi rejalashtirilgan. Bu yerda doimiy va vaqtincha ko‘rgazmalar uchun ekspozitsiyalar, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi tashkil etiladi. Bu esa “Ipak yo‘li”ning oddiy muzeyi emas, balki xalqimizning o‘zligini namoyon etadigan, ta’lim-tarbiya beradigan, ziyo va ma’rifat ulashadigan zamonaviy madaniyat markazi bo‘lishidan dalolat beradi. Biz poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi tarkibida innovatsion muzey tashkil etish orqali bu borada yaxshi tajriba to‘pladik, zamonaviy muzeyshunoslik an’analarini shakllantirdik. Ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan va turli davrlarda xorijga olib chiqib ketilgan osori-atiqalarimiz, noyob tarixiy manbalarimiz hukumatimiz sa’y-harakatlari bilan yurtimizga qaytarilmoqda va yangi muzeylarimizda saqlanmoqda. Davlatimiz rahbari qarorida “Ipak yo‘li” muzeyini ham xorijda saqlanayotgan, xalqimiz o‘tmishi bilan bog‘liq tarixiy ashyolar va manbalarni olib kelish orqali yanada boyitish, zamonaviy multimedia tizimlarini yaratish ko‘zda tutilgan. Aytish mumkinki, yangi muzey xalqimizning boy o‘tmishi ko‘zgusi bo‘lish bilan birga, kelajak avlodlar uchun muhim tarixiy manba, faxr va iftixorimiz ramziga aylanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zoVmG5qKUk8" title="Samarqandda “Ipak yo‘li” davlat muzeyi tashkil etiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari