Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda elektron tijoratning o‘rni va ahamiyati qanday?
Munosabat

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar jahon iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, elektron tijorat an’anaviy savdoni yangi bosqichga olib chiqib, tovar va xizmatlar ayirboshlashda qulaylik yaratmoqda. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishga aylandi. Internet infratuzilmasining kengayishi, aholining raqamli savodxonligi va onlayn to‘lov tizimlari elektron tijoratning o‘sishi uchun zamin yaratmoqda.
Elektron tijorat tovarlar, xizmatlar va boshqa amallarni axborot texnologiyalari orqali onlayn shartnomalar asosida sotish jarayoni hisoblanadi. Hozirgi kunda ushbu soha mamlakatimiz iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biridir. Elektron tijorat va raqamlashuv zamonaviy iqtisodiyotning asosiy drayveri sifatida yangi biznes-modellarning shakllanishiga yo‘l ochmoqda. Bu jarayon ish boshlash uchun talab etiladigan xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi, tadbirkorlar hamda kichik biznes sub’ektlari uchun mahalliy, mintaqaviy va jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shu orqali raqamli maydonda faoliyat yuritish uchun yangi ish o‘rinlari yaratilib, yoshlar va ayollar bandligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bois ko‘plab sanoat korxonalari o‘z biznes-strategiyalariga elektron tijorat vositalarini faol joriy etmoqda. Hozirgi kunda respublikada elektron tijorat sohasida 1200 dan ziyod kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda, ikki yil avval esa bu ko‘rsatkich 1100 taga yetmas edi. Bu raqamlar — mamlakatda raqamli iqtisodiyotga bo‘lgan qiziqish va talabning ortib borayotganidan dalolat.
Elektron tijoratning rivojlanishi mehnat bozorida yangi kasb va yo‘nalishlarni shakllantirmoqda. Jumladan, IT mutaxassislari, logistika, raqamli marketing, onlayn xizmat ko‘rsatish va kontent yaratish sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etadi. Bu esa ishsizlik darajasini pasaytirishga, aholining daromad manbalarini diversifikatsiya qilishga va iqtisodiy faollikni oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotning kengayishi ayollar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ular masofaviy ishlash, onlayn savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohalari orqali o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu ularning moliyaviy mustaqilligini ta’minlab, oilalarning turmush darajasini yaxshilashga hissa qo‘shmoqda.
Biroq ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar raqamli iqtisodiyotda to‘liq ishtirok etishga to‘sqinlik qilayotgan jiddiy muammolarga duch kelmoqdalar. Bunga qonunchilik va infratuzilmaning yetarlicha takomillashmaganligi, moliyaviy resurslarning cheklanganligi, me’yoriy tartibga solishdagi murakkabliklar hamda raqamli ko‘nikmalarning yetishmasligi sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, tez sur’atlarda rivojlanayotgan raqamli iqtisodiyot ekologik muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu muammolarni samarali boshqarish uchun zarur infratuzilma va huquqiy baza yetarli emas. Masalan, ekranlar va kichik IT jihozlaridan hosil bo‘ladigan chiqindilar hajmi 2010–2022 yillar davomida 30 foizga o‘sib, 10,5 million tonnani tashkil etgan. Noto‘g‘ri utilizatsiya jarayonlari atrof-muhit va inson salomatligi uchun jiddiy xavflar tug‘diradi.
Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyotni ta’minlovchi ma’lumotlar markazlari va AKT tarmoqlari dunyo bo‘yicha energiya iste’molining 6–12 foizini tashkil etadi va bu 1–1,5 foiz darajasidagi jahon miqyosidagi issiqxona gazlari chiqindisiga olib keladi.
Elektron tijoratdan foydalanish bo‘yicha jahon tajribasini kuzatadigan bo‘lsak, masalan, Xitoy dunyodagi eng yirik va eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan elektron tijorat bozorlaridan biriga ega bo‘lib, u global elektron tijorat bitimlari umumiy qiymatining 40 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Mamlakatda elektron tijorat sohasida jami mehnat bozori ishtirokchilarining 5 foizidan ko‘prog‘i band. Onlayn xaridlar esa ko‘plab xitoylik oilalarning kundalik hayotining muhim qismiga aylangan.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Xitoyning qishloq hududlarida elektron tijorat faoliyati uy xo‘jaliklari farovonligini oshirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, internet do‘konlarida mehnat qilayotgan xodimlarning ish haqi shahar xususiy korxonalarida ishlovchilarniki bilan teng yoki undan yuqori. Ayollar va yosh, bilimli xo‘jaliklar elektron tijorat orqali katta foyda ko‘rayotgani qayd etilgan.
Bu borada respublikamizda “Elektron tijorat to‘g‘risida” 2022 yil 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan. Mazkur hujjat mamlakatda elektron tijorat sohasini tartibga solish va uning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan asosiy huquqiy poydevor hisoblanadi. Ushbu qonun elektron tijorat ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlaydi, onlayn bitimlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Bu esa raqamli savdo muhitining shaffofligi va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, elektron tijoratdan foydalanish samaradorligini yanada oshirish uchun bir qator muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq. Jumladan, internet va logistika infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta biznesni onlayn savdoga jalb qilish hamda ular uchun qulay shart-sharoit yaratish muhim.
Shuningdek, milliy to‘lov tizimlarini yagona platformaga integratsiya qilish, raqamli savodxonlikni oshirish va aholining onlayn xavfsizligi haqida xabardorligini kuchaytirish zarur. Bu choralar tadbirkorlar uchun qulay biznes muhitini yaratib, raqobatbardoshlikni oshiradi va elektron iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlaydi.
Ushbu yo‘nalish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasi ham muhim. Zamonaviy raqamli iqtisodiyot talablariga mos kadrlar yetishtirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarida “Raqamli iqtisodiyot”, “Elektron tijorat”, “IT va marketing” kabi yo‘nalishlarni kengaytirish va ularning o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilab borish zarur.
Bundan tashqari, mustaqil o‘rganuvchilar uchun Coursera va Udemy kabi xalqaro onlayn ta’lim platformalari orqali o‘qish imkoniyatlari kengayib bormoqda. Bu platformalarda dunyo miqyosidagi yetakchi mutaxassislar tomonidan tayyorlangan kurslar orqali elektron tijorat, raqamli marketing, veb-dizayn, ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt kabi sohalarda bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish mumkin.
Dunyodagi eng yirik xalqaro auditorlik va konsalting kompaniyasi — KPMGning prognozlariga ko‘ra, 2027 yilga kelib O‘zbekistonda elektron tijorat bozori hajmi taxminan 2 milliard AQSH dollariga yetishi mumkin. Bu esa mamlakatda raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgani va uning katta salohiyatga ega ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
2022 yildagi Osiyo taraqqiyot bankining “CAREC mamlakatlarida elektron tijorat: infratuzilmani rivojlantirish” mavzusidagi hisobotiga ko‘ra, CAREC (Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik) mamlakatlariga qator tavsiyalar berilgan. Xususan, internet tezligini oshirish, raqamli savodxonlikni yuksaltirish hamda aholining bank hisoblariga ega bo‘lish darajasini ko‘tarish bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlanadi. Moliya muassasalariga nisbatan iste’molchilar ishonchini mustahkamlash ham muhim vazifa sifatida qayd etilgan.
Bundan tashqari, mamlakatlarga elektron savdo hujjatlaridan foydalanishni kengaytirish tavsiya qilinadi. Bu usul bojxona xarajatlarini kamaytirish, tovarlarning bojxonada turib qolish vaqtini qisqartirish va chegaralararo elektron tijoratning jozibadorligini oshirish imkonini beradi.
Barcha hukumatlar elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyalar qabul qilishi lozim. Bunday strategiyalar nafaqat normativ baza yaratishni, balki moliyaviy ko‘mak berishni ham o‘z ichiga olishi kerak. Elektron tijorat ekotizimlarini shakllantirish va ularning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlatning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.
Ramzidin Nuridinov
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA