"IAC-2028"ni Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha dastlabki shartnoma imzolandi
Antaliyada davom etayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida 2028-yilgi Xalqaro astronavtika kongressini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha dastlabki shartnoma imzolandi.
Hujjat Xalqaro astronavtika federatsiyasi bilan tuzildi. Marosimda federatsiya prezidenti Gabriella Arrigo, O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, "O‘zbekkosmos" agentligi direktori Shuhrat Qodirov hamda «Sun’iy intellekt alyansi» NNT direktori Aziz Muhiddinov ishtirok etdi.

Bu hujjat “IAC-2028”ni Samarqandda o‘tkazishga tayyorgarlikning muhim amaliy bosqichi bo‘ldi. Endi kongressni yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy mehmonlar uchun zarur infratuzilmani tayyorlash va tadbir dasturini shakllantirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Shu tariqa, 2028-yilda dunyoning turli davlatlaridan olimlar, muhandislar va kosmos sohasi mutaxassislarini Samarqandda birlashtiradigan yirik xalqaro tadbirga tayyorgarlikning yangi bosqichi boshlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA