O‘zbekistonga 90 ta zamonaviy gaz taqsimlash punkti taqdim etiladi
Mamlakatimizda gaz ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish, texnik imkoniyatlarini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlik doirasida qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Ana shunday tashabbuslardan biri “Hududgazta’minot” AJ va Yaponiyaning “ITO Corporation” kompaniyasi o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik doirasida yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur loyiha doirasida joriy yilda Yaponiya tomoni O‘zbekistonga grant asosida 90 ta zamonaviy gaz taqsimlash punktini taqdim etish rejalashtirilgan. Uskunalarning umumiy qiymati 3 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ayni paytda loyihani amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda loyihaning asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirish bosqichlari va texnik masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, GTPlar o‘rnatiladigan hududlarda mavjud gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish, qurilmalarni joylashtirish uchun zarur sharoitlarni baholash hamda yangi uskunalarni mavjud infratuzilmaga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yaponiyalik mutaxassislar bilan zamonaviy GTPlarni o‘rnatishga qo‘yiladigan texnik talablar, uskunalardan xavfsiz foydalanish, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiya qilish jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.
Zamonaviy gaz taqsimlash punktlarining joriy etilishi hududlarda gaz bosimini barqarorlashtirish, ta’minot tizimining ishonchliligini oshirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi uskunalar iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror va xavfsiz ta’minlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Jamiyat axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur loyiha O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p yillik texnik hamkorlikning navbatdagi amaliy natijasi bo‘lib, ilg‘or texnologiyalar va xorijiy tajribani mamlakatimiz gaz ta’minoti tizimiga joriy etishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA