O‘zbekiston mahsulotlari uchun Yevropa bozoriga yangi imkoniyatlar ochilmoqda
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Germaniyaning "TUV NORD Cert" kompaniyasi katta vitse-prezidenti Udo Kubitts boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, mahalliy korxonalarda xalqaro ijtimoiy va sanoat standartlarini joriy etish, “TUV NORD” brendi orqali Yevropa va jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlari, shuningdek, mahalliy mahsulotlar sifatini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, “TUV NORD Cert” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sanoat uskunalari xavfsizligini ta’minlash, sanoat korxonalari uchun xavfsizlik auditi va inspeksiya xizmatlarini joriy etish, energetika va tabiiy resurslar sohasida muhandislik xizmatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar va elektronika sohasida sinov hamda sertifikatlash tizimini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur hamkorlik mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda sanoat tarmoqlarini zamonaviy standartlar asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA