O‘zbekiston iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi The Heritage Foundation tahliliy markazi hamda The Wall Street Journal nashri tomonidan tayyorlangan 2026-yil uchun Iqtisodiy erkinlik indeksi (Index of Economic Freedom) natijalarini tahlil qildi.
Iqtisodiy erkinlik indeksi institutsional muhit, iqtisodiy siyosat va milliy iqtisodiyotlarning ochiqlik darajasini aks ettiruvchi yillik xalqaro tadqiqotdir.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 184 ta davlat orasida 86-o‘rinni egallab, 60,3 ball to‘pladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,3 ballga yuqori. Mazkur natija «asosan erkin iqtisodiyot» toifasiga mos keladi. Umumiy ball bo‘yicha O‘zbekiston nafaqat jahon o‘rtacha darajasidan (59,9), balki Osiyo-Tinch okeani mintaqasi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ham (58,6) yuqori natija qayd etdi.
Reyting yetakchilari sifatida Singapur (84,4 ball), Shveysariya (83,7), Irlandiya (83,3) va Avstraliya (80,1) qayd etildi va ular «erkin iqtisodiyotlar» toifasiga kiritildi.
Subindekslar tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston 12 ta yo‘nalishdan 8 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlarini yaxshilagan, 2 ta indikatorda o‘zgarish kuzatilmagan, yana 2 tasida esa ozgina pasayish qayd etilgan. Umuman olganda, bu holat tarkibiy islohotlar ijobiy sur’atda kechayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini baholash yo‘nalishida soliq yuki 95 ball, davlat xarajatlari 73,7 ball, davlat moliyasining barqarorligi esa 79,9 ballni tashkil etdi. Barcha ko‘rsatkichlar jahon o‘rtacha darajasidan (mos ravishda 78,4 – 66,3 – 65,9) yuqori hisoblanadi.
Tartibga solish samaradorligi toifasida biznes yuritish erkinligi 62,5 ball, mehnat erkinligi 48,4 ball, monetar erkinlik esa 65,1 ballni tashkil etdi.
Bozorlar ochiqligi yo‘nalishida savdo erkinligi 80,6 ballga, investitsiya erkinligi 70 ballga, moliyaviy erkinlik esa 60 ballga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar ham jahon o‘rtacha darajasidan (mos ravishda 70,2 – 53,4 – 48,1) yuqori hisoblanadi.
Qonun ustuvorligi yo‘nalishida O‘zbekistonning mulk huquqini himoya qilish ko‘rsatkichi 43,1 ballni, sud tizimi samaradorligi 13,7 ballni, davlat boshqaruvi sifati esa 32 ballni tashkil etdi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash va moliya sektori modernizatsiyasiga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, davlat banklari bank tizimida ustun mavqeni saqlab qolmoqda.
Shu tariqa, olingan natijalar institutsional muhitning bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotganini va bozor mexanizmlarining kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatda iqtisodiy erkinlikni yanada kengaytirish va barqaror o‘sishni ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ma’lumot uchun: Indeks metodologiyasi to‘rtta asosiy yo‘nalishni baholashga asoslanadi — qonun ustuvorligi, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasi, tartibga solish samaradorligi va bozorlar ochiqligi. Ushbu yo‘nalishlar 12 ta subindeks asosida shakllantiriladi.
Barcha ko‘rsatkichlar 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkala asosida baholanadi, bunda yuqoriroq ball iqtisodiy erkinlik nuqtai nazaridan yanada qulay sharoitlarni anglatadi. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkichlar normallashtirilgan baholar hisoblanadi, ya’ni ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha (masalan, soliq yukida) yuqori ball amalda iqtisodiyotga bo‘lgan bosimning pastligini ifoda etadi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA