Iqtisodiy samaradorlik va barqaror o‘sish xalqaro ekspertlar muhokamasida
Bugun Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo: unumdorlikdan farovonlik sari” xalqaro forumi o‘tkazildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yirik tadbirga Markaziy Osiyo davlatlari, yetakchi xalqaro moliya institutlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar hamda ekspertlar taklif etildi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Osiyo unumdorlik tashkiloti bosh kotibi Indra Pradana Singavinata, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benxassin, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) dastur menejeri Beate Shorayt va boshqalar so‘zga chiqib, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ilg‘or tajribalarni almashish amaliy natijalar berishini qayd etdi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu forum mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va unumdorlikni oshirishdagi ilg‘or tajribalarni almashishga katta imkoniyat yaratadi.
[gallery-28326]
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar milliy iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish va uni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Islohotlar doirasida iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, mahsuldorlik va kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek barqaror va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, balki xalq farovonligini ta’minlash va O‘zbekistonni mintaqada raqobatbardosh davlatga aylantirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, bugungi forumda ekspertlar va ishtirokchilarning fikr almashishi, yangicha loyihalarni muhokama etishi va barqaror rivojlanish yo‘nalishlarini belgilashi mintaqada iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan samarali platformani yaratadi, – dedi U.Obidxo‘jayev.
Forum doirasida sun’iy intellektni iqtisodiyotga keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi va agrosanoat korxonalarida zamonaviy yechim va texnologiyalarni qo‘llash natijasida samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro va mahalliy tajribalar muhokama qilindi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) dastur menejeri Beate Shorayt o‘z nutqida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgani va rivojlanishning navbatdagi bosqichi mahsuldorlik, innovatsiya va malakaga ko‘proq tayanishni talab qilayotganiga urg‘u berdi.
– Mazkur forumning asosiy qiymatlaridan biri shundaki, u mahsuldorlik haqida mintaqaviy muloqot uchun alohida platforma hisoblanadi. GIZ O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarini barqaror va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishda institutsional siyosat va xususiy sektorning asosini mustahkamlashda qo‘llab-quvvatlaydi. Bu, jumladan, xususiy sektorni rivojlantirish hamda kompaniyalar uchun amaliy usullar orqali samaradorlikni yaxshilash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Texnik hamkorlik agentligi sifatida biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat va xususiy sektor bilan hamkorlik qilamiz. Yashil mahsuldorlik va barqarorlik bir-biri bilan uyg‘unlashishi lozim. Chunki, u biznes samaradorligini oshiradi, shu bilan birga, atrof-muhitga ta’sirni kamaytiradi. Xulosa qilib aytganda, forum nafaqat mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, balki O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, innovatsion tajribalarni keng qamrovda almashish va barqaror o‘sish yo‘nalishlarini belgilashda muhim omildir, – dedi Beate Shorayt.
Forum natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz iqtisodiyoti va butun mintaqa taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega qator strategik kelishuvlarga erishildi. Xususan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan “Xususiy sektorni rivojlantirish va iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ishga tushirilib, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 3 million yevro grant mablag‘lari ajratilishi belgilandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomonidan milliy miqyosda samaradorlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan Milliy unumdorlik markazini tashkil etish bo‘yicha qadamlar tashlangan taqdirda mazkur tashabbus GIZ tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlandi.
Osiyo unumdorlik tashkiloti bilan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Germaniyaning ilg‘or unumdorlik standartlarini mahalliy korxonalarga joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, “Unumdorlik maktabdan boshlanadi” mavzusida o‘tkazilgan kreativ videoroliklar tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan o‘quvchilarning innovatsion yondashuvlari rag‘batlantirildi. G‘oliblar Germaniya, Yaponiya hamda Turkiya davlatlariga sayohat yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi.
Resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishda yuqori natijalarga erishgan eng samarali korxonalar ham taqdirlandi. Ekologik menejment tizimlari bo‘yicha maxsus o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislarga ISO:14001 xalqaro sertifikatlari topshirildi.
Ertaga, forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun Jizzax va Samarqand viloyatlariga biznes-tashriflar uyushtirish ko‘zda tutilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari