Namanganda Qirg‘iziston delegatsiyasi uchun tajriba almashuv muloqotlari o‘tkazilmoqda
FOTOREPORTAJ
Qirg‘iz Respublikasining davlat xizmatchilaridan iborat delegatsiya Namangan viloyatida davlat boshqaruvi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va eksport salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tashrif buyurdi.
Mehmonlar Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Kensay” chegara postida tantanali kutib olindi. Delegatsiya tarkibidan Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining Jalol-Obod viloyatidagi vakili apparati xodimlari, viloyat va davlat ma’muriyatlari vakillari o‘rin olgan.
Tashrif doirasida mehmonlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Namangan viloyati filialida tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi. Unda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi amaliy ishlar xususida ma’lumot berildi.
Shuningdek, delegatsiya Namangan shahar davlat xizmatlari markazida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘rsatilayotgan kompleks xizmatlar hamda IT Park Uzbekistan Namangan filiali faoliyati bilan tanishdi.
Ikki kunlik dastur doirasida mehmonlar viloyatdagi qator yirik ishlab chiqarish korxonalari va diqqatga sazovor maskanlarda ham bo‘lishi rejalashtirilgan.
Delegatsiya a’zolari “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “Ilhomjon Textile” korxonasida bo‘lib, eksportbop kostyum-shim mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Korxona mahsulotlarining Turkiya va MDH davlatlari bozorida xaridorgirligi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, “Aziz Design Service” korxonasida ishlab chiqarilayotgan yo‘l va sport sumkalari namoyish etildi. Korxona mahsulotlarining Rossiya va Qozog‘iston bozorlariga eksport qilinayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-29111]
Tashrif davomida davlat xizmatlarini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish orqali tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi. Bu jarayonlar aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Mehmonlar Namangan shahridagi “Tinchlik” xiyoboni hamda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib, 65-Xalqaro Gullar festivali yubiley tadbirlariga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi.
Namangan gulchilari yaratayotgan rang-barang kompozitsiyalar, noyob gul navlari va festivalga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA