O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida qurilish sohasida qo‘shma loyihalar ko‘lami kengayadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlik izchil kengayib borayotgan bir paytda vazirlikda Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi amaliy qadam sifatida e’tirof etildi.

Mehmonlarni vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva samimiy ruhda kutib oldi. Uchrashuvda, shuningdek, vazirlikning tegishli departamentlari rahbarlari hamda yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, ochiq va mazmunli muloqot olib borildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik hamkorlikning bugungi holati hamda uning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qurilish sohasi mamlakat iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, xalqaro hamkorlik, ayniqsa, xitoylik sheriklar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuv chog‘ida qator dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari, aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan uy-joy siyosati, ipoteka mexanizmlarini takomillashtirish, moliyaviy instrumentlarni kengaytirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

Shuningdek, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari, ayniqsa, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham alohida e’tiborga olindi.
Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva o‘z nutqida “Yangi Toshkent” yirik shaharsozlik loyihasi, zamonaviy turar joy massivlari barpo etish, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan tashabbuslar xususida to‘xtalib o‘tdi. U xitoylik hamkorlarni markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarda faol ishtirok etishga taklif qildi.

Shu bilan birga, uchrashuvda investitsiyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalar transferi, kadrlar malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Sinxua” universitetining “EMBA” dasturi hamda sanoat alyansi kabi platformalar orqali biznes aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tajriba almashinuvini izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Bu kabi muloqotlar nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki mamlakatimizda zamonaviy qurilish standartlarini joriy etish va aholi turmush sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA