Xodimlarga munosib sharoitlarda mehnat qilish huquqi kafolatlangan
28-aprel - Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni. Bu sana Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan xavfsizlik madaniyatini yaratish va targ‘ib qilish, ish joylarida har yili o‘lim holatlarini kamaytirish, ushbu muammolarga jahon hamjamiyati e’tiborini jalb qilish maqsadida joriy etilgan.
Bu sana munosabati bilan dunyo bo‘ylab mehnatni muhofaza qilishning hal etilmagan muammolariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda ham bu sanaga e’tibor qaratilib, davlat organlari, kasaba uyushmalari tashkilotlari, ish beruvchilar tashkilotlari va mehnatni muhofaza qilish sohasidagi mutaxassislar tomonidan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Zero, milliy qonunchilikda davlat xodimlarga mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarda mehnat qilish huquqi himoya qilinishini kafolatlaydi.

Toshkent shahrida “Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishning yangi milliy talablarini joriy etish” mavzusida tashkil etilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mas’ul rahbar va mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda mehnatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangi talablarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Bu boradagi tizimli yondashuv va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr almashildi.
Mehnatni muhofaza qilishga oid qonunchilik asoslari, mehnat xavfsizligi va psixosotsial xavflar bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, sog‘lom muhitni ta’minlashda kasaba uyushmalarining roli, mehnatni muhofaza qilish va qulay ish sharoitlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Mehnat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishdagi xavflarni kamaytirish, xodimlar salomatligini himoya qilish va yangi milliy standartlarni amaliyotga joriy etish zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
Mazkur tadbir mehnatni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy yondashuvlarni keng joriy qilish va xodimlar uchun xavfsiz hamda sog‘lom mehnat muhitini yaratish yo‘lidagi muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qildi.
N.Abduraimova, O‘zA